Logo Academic Spectrum

Til tanlash

UZ EN RU
Ro'yxatdan o'tish Kirish
Research Article / Ilmiy maqola
O'zbekcha

KASBIY QOBILIYAT TUSHUNCHASI VA UNING PSIXOLOGIK ASOSLARI

2-Son (2026-yil, Fevral)
51 53
7 Ko'rishlar
Nashr etildi: Fev 20, 2026

Annotatsiya va maqola mazmuni

Anotatsiya (UZ):

Maqolada kasbiy qobiliyat tushunchasi va uning psixologik tahlili, kasbiy qobiliyat tushunchasi insonning tug‘ma layoqatlari, shaxsiy sifatlari, kognitiv resurslari, motivatsion tizimi hamda amaliy malaka va ko‘nikmalarining integratsiyalashgan holatini ifodalashi ochib berilgan.
Kalit so'z (UZ): kasb, qobiliyat, kasbiy qobiliyat, qiziqish, ehtiyoj, motivatsiya, integratsiya, kognitiv jarayonlar

Аннотация (RUS):

В cтaтьe пpeдcтaвлeнa koнцeпция пpoфeccиoнaльныx cпocoбнocтeй и пpoвeдeн ee пcиxoлoгичeckий aнaлиз, пokaзaнo, чтo koнцeпция пpoфeccиoнaльныx cпocoбнocтeй пpeдcтaвляeт coбoй интeгpиpoвaннoe cocтoяниe вpoждeнныx cпocoбнocтeй чeлoвeka, личнocтныx kaчecтв, koгнитивныx pecypcoв, мoтивaциoннoй cиcтeмы, a тakжe пpakтичeckиx нaвыkoв и yмeний. Kлючeвыe пoнятия: пpoфeccия, cпocoбнocти, пpoфeccиoнaльныe нaвыkи, интepec, пoтpeбнocть, мoтивaция, интeгpaция, koгнитивныe пpoцeccы.

Abstract (EN):

The article reveals the concept of professional ability and its psychological analysis, the concept of professional ability represents the integrated state of a person's innate abilities, personal qualities, cognitive resources, motivational system, and practical skills and abilities. Key concepts: profession, ability, professional skills, interest, need, motivation, integration, cognitive processes.

Maqola Mazmuni

Kirish. Kasbiy qobiliyat – bu shaxsning muayyan kasbiy faoliyatni muvaffaqiyatli, samarali va ijodiy tarzda bajarish imkonini beruvchi individual-psixologik xususiyatlar majmuasidir. Ushbu tushuncha insonning tug‘ma layoqatlari, shaxsiy sifatlari, kognitiv resurslari, motivatsion tizimi hamda amaliy malaka va ko‘nikmalarining integratsiyalashgan holatini ifodalaydi. Kasbiy qobiliyatlar kasb talablari bilan shaxsning psixologik imkoniyatlari o‘rtasidagi muvofiqlik darajasini belgilaydi va kasbiy muvaffaqiyatning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Kasb talablari bilan shaxsning psixologik imkoniyatlari o‘rtasidagi bog‘liqlik psixologik jihatdan ahamiyatlidir. Kasb talablari bilan shaxsning psixologik imkoniyatlari o‘rtasidagi o‘zaro moslik kasbiy muvaffaqiyat, professional barqarorlik va shaxsning ichki qoniqish darajasini belgilovchi asosiy psixologik omillardan biridir. Har bir kasb o‘zining ma’lum intellektual, emotsional, sensor-motor, kommunikativ yoki ijtimoiy-psixologik talablariga ega bo‘lib, shaxsning psixologik potensiali ushbu talablarni qay darajada qondira olishi uning kasbiy moslashuvi va samarali faoliyat yurita olishini aniqlaydi. Kasb bu insonning ma’lum bir ehtiyojlarini va manfaatlarini o‘zi tanlagan kasb faoliyatidagi bilimlari, layoqati, malakalariga xos xususiyatlari orqali namoyon bo‘lishidir. Shuningdek kasb – insonlarning turli darajadagi aqliy va jismoniy mehnatni talab qiluvchi ish faoliyati bilan doimiy shug‘ullanish orqali egallagan bilim ko‘nikma va malakalariga tayangan holda muayyan ish turi bilan mashg‘ul bo‘lish jarayonidir. Kasb maxsus ma’lumot yoki amaliy tajriba orttirish orqali o‘zlashtiriladi. Kasb bu tarixan rivojlanib boruvchi tizimdir. Kasblarning ahamiyati insonlarning yashash sharoitlariga qarab o‘zgarib boradi. Bu jarayonda mutaxassisda kasbiy mahorat shakllanib borishi lozim [3]. Mavzuga oid adabiyotlarning tahlili. Yoshlarni kasb – hunarga yo‘naltirish dolzarb muammo sifatida psixolog va pedagog olimlarning doimiy diqqat markazida bo‘lib kelgan. Axmedova Sh. Rahimova N, Mirzaqulov O, Islomov D, Soatov A, Tokareva V, Karimova V, Sattorov Ye, M.G.Davletshin, E.G‘.Goziyev kabi respublikamiz olimlarining ilmiy izlanishlarida, ilmiy-tadqiqot ishlarida, darslik va o‘quv – qo‘llanmalarida kasbiy qobiliyatlarni rivojlantirishning usullari, mexanizmlari, yo‘l-yo‘riqlari, aspektlari, shaxs fenomenologiyasi masalalari, konseptual, metodik asoslari yoritib berilgan[1]. Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlari olimlari V.V.Serikov, I.S.Yakimanskaya, O.S.Gazman, E.V.Bondarevskaya, E.N.Gusinskiy va boshqalar tomonidan mutaxassislarda kasbiy qobiliyatlarni rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilgan[4]. Xorijlik olimlardan Z.Freyd, k.Yung, F.Perlz, E.Fromm, K.Xorni, A.X.Maslou, A.Adler V.Shtern, F.Galton, A.Bine, R.Kettel va boshqalarning tadqiqotlarida shaxsning kasbiy faoliyatda muvaffaqiyat qozonishi uchun zarur bo‘lgan bilim, ko‘nikma, malaka va shaxsiy sifatlarning roli o‘rganilgan[2]. Tadqiqot metodologiyasi. Psixologik nuqtai nazardan, kasbiy qobiliyatning asosida bir nechta o‘zaro bog‘liq tarkibiy komponentlar yotadi. Birinchi navbatda, kognitiv komponent – idrok, diqqat, tafakkur, xotira, analiz – sintez qobiliyati kabi intellektual jarayonlar bilan belgilanadi. Ikkinchi komponent – motivatsionemotsional asos, ya’ni kasbga qiziqish, kasbiy motivlar, maqsadga yo‘naltirilganlik, ichki turtki va emotsional barqarorlik bilan ifodalanadi. Uchinchi komponent – amaliy-operatsion baza, bu kasbiy faoliyatni bajarishda zarur bo‘lgan malaka va ko‘nikmalar, amaliy tajriba, faoliyatni rejalashtirish va nazorat qilish mexanizmlarini o‘z ichiga oladi. Shaxsning moslashuvchanligi, ijodkorligi va kasbiy refleksiyasi esa kasbiy qobiliyatlarning rivojlanishiga yo‘naltirilgan metako‘nikmalar sifatida maydonga chiqadi. Kognitiv komponentlar – ya’ni idrok, diqqat, xotira, tafakkur, tasavvur va intellektual qayta ishlash jarayonlari kasbiy qobiliyatlarning shakllanishida markaziy determinator sifatida namoyon bo‘ladi. Chunki har qanday kasbiy faoliyat, avvalo, shaxsning axborotni qabul qilish, uni tahlil qilish, qayta ishlash va nazoratlash qobiliyatlariga tayanadi. Shu ma’noda, kognitiv jarayonlar kasbiy kompetentlikning ichki mexanizmini tashkil etib, malaka va ko‘nikmalarning rivojlanish sur’ati hamda sifatini belgilaydi[6]. Idrok va diqqat kasbiy vazifalarning aniqligini ta’minlaydi. Masalan, talabalarda ma’lumotlarni idrok etish, diqqatni barqaror saqlash qobiliyati kasbiy mahoratning boshlang‘ich ko‘rsatkichlaridan biridir. Diqqatning ko‘chuvchanligi va taqsimlanishi esa murakkab kasbiy vazifalarni bir vaqtning o‘zida bajarishga imkon yaratadi. Xotira jarayonlari kasbiy qobiliyatlarning rivojida muhim o‘rin egallaydi. Kasbiy bilimlarning mustahkamligi, uzun muddat saqlanishi va tez qayta tiklanishi talabalar uchun murakkab amaliy operatsiyalarni samarali bajarish imkonini beradi. Ayniqsa, professional xotiraning mantiqiy, semantik va operativ turlari kasbiy fanga oid algoritmlar, terminlar va texnologik ketma-ketliklarni mukammal o‘zlashtirishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Tafakkur va analitik fikrlash kasbiy qobiliyatlarning yuqori darajada shakllanishi uchun zarur bo‘lgan intellektual baza hisoblanadi. Muammoli vaziyatlarni tahlil qilish, sabab – oqibat bog‘liqliklarini aniqlash, ilmiy abstraksiyaga qodirlik hamda muqobil yechimlarni ishlab chiqish kasbiy tayyorgarlikning strategik komponentlaridir. Talabalarda analitik, tanqidiy, divergent va konvergent fikrlash turlarining rivojlanishi kasbiy innovatsion salohiyatning oshishiga xizmat qiladi[7]. Tasavvur va kreativlik kasbiy qobiliyatlarning moslashuvchanligi va yangilik yaratish qobiliyatini ta’minlaydi. Kasbiy sohada yangicha mahsulot, metod yoki texnologiyani ishlab chiqish ko‘pincha tasavvur jarayonlarining rivojlanganligi bilan izohlanadi. Kreativ fikrlashga ega talaba standart bo‘lmagan vazifalarda mustaqil qaror qabul qila oladi va kasbiy faoliyat samaradorligini oshiradi. Shu tariqa, kognitiv komponentlar kasbiy qobiliyatlarning shakllanishida bilimlarni egallash, malakani avtomatlashtirish, amaliy ko‘nikmalarni integratsiyalash, kasbiy vazifalarni oqilona bajarish kabi jarayonlarga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Demak, kognitiv jarayonlar rivoji nafaqat shaxsning intellektual salohiyatini, balki uning kasbiy kompetentlik darajasini ham belgilaydi. Talabalarda kognitiv komponentlarni maqsadli rivojlantirish esa kasbiy tayyorgarlikning asosiy metodik yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etiladi. Tahlil va natijalar. Kasbiy qobiliyatlarning shakllanishi faqat kognitiv jarayonlar bilan belgilanmaydi; u motivatsion va emotsional omillar bilan uzviy bog‘liq holda rivojlanadi. Shaxsning kasbga bo‘lgan ichki ehtiyoji, qiziqishi, maqsadga intilishi va emotsional barqarorligi professional rivojlanishning psixologik yadrosini tashkil etadi. Shu bois motivatsion-emotsional asos kasbiy qobiliyatlarning faol kuchga aylanishida hal qiluvchi mexanizm sifatida qaraladi[5]. Motivatsion omillar kasbiy faoliyatga kirishishni faollashtiradi va uni davom ettirishni rag‘batlantiradi. Kasbga ijobiy munosabat, ichki motivlar (o‘zini amalga oshirish, o‘sish, mustaqillik), shuningdek, ijtimoiy motivlar (jamiyatga foyda keltirish, maqomga erishish, tan olinishi) talabaning kasbiy qobiliyatlarni egallashdagi qat’iyatini oshiradi. Kuchli motivatsiya o‘quv faoliyatida yuqori intensivlikni, murakkab vazifalarni bajarishga nisbatan barqaror ishtiyoqni hamda o‘zini rivojlantirishga bo‘lgan doimiy tayyorgarlikni shakllantiradi. Eemotsional barqarorlik va affektiv holatlar kasbiy qobiliyatlarning mustahkamlanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Stressga chidamli, o‘z hissiyotlarini boshqara oladigan, ijobiy emotsional fonni saqlay oladigan talaba kasbiy malakalarni tezroq o‘zlashtiradi. Salbiy emotsiyalar — qo‘rquv, xavotir, o‘ziga ishonchsizlik — o‘quv motivatsiyasini pasaytirishi va faoliyat samaradorligini susaytirishi mumkin. Aksincha, qiziqish, ilhom, qoniqish kabi ijobiy emotsiyalar intellektual jarayonlarni faollashtiradi, xotira va tafakkur samaradorligini oshiradi. O‘z-o‘zini boshqarish va emotsional intellekt kasbiy qobiliyatlarning rivojlanishida strategik ahamiyatga ega. Emotsional intellekti rivojlangan shaxs o‘zini anglash, hissiy holatlarni tartibga solish, o‘zaro munosabatlarda empatiya ko‘rsatish hamda stressli vaziyatlarda oqilona qaror qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa ko‘plab kasblarda, ayniqsa inson bilan ishlashga asoslangan sohalarda, professional muvaffaqiyatning muhim ko‘rsatkichidir. Motivatsion-emotsional tizim kasbiy mahoratning barqarorligini ta’minlaydi. Agar talaba o‘z kasbini qadrlasa, faoliyatdan qoniqish olsa va professional identifikatsiya shakllangan bo‘lsa, kasbiy qobiliyatlar yuqori darajada mustahkamlanadi. Bu holat kasbiy o‘z-o‘zini rivojlantirish, ijodkorlik va yangilikka intilish jarayonlarini tezlashtiradi. Motivatsion-emotsional asos kasbiy qobiliyatlarning shakllanishida quyidagi funksiyalarni bajaradi: faoliyatni rag‘batlantiradi; kognitiv jarayonlarni faollashtiradi; samarali o‘qish va kasbiy kompetensiyani mustahkamlaydi; stressga bardoshlilik va barqarorlikni ta’minlaydi; shaxsning kasbiy o‘zini anglashini shakllantiradi. Shu bois motivatsion-emotsional komponent kasbiy qobiliyatlarning rivojida psixologik harakatlantiruvchi kuch bo‘lib, kasbiy tayyorgarlikning sifat darajasini belgilovchi fundamental omil hisoblanadi. Kasbiy qobiliyatlarning shakllanishi biologik asoslar (asab tizimi tipi, psixofiziologik barqarorlik), ijtimoiy muhit (oila, ta’lim, kasbiy maktab) va shaxsiy faoliyat bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan rivojlanish jarayonidir. Qobiliyat tug‘ma potentsial sifatida mavjud bo‘lsa-da, uning real darajada namoyon bo‘lishi ta’lim, muhit va faoliyat tajribasiga bog‘liq. Shuning uchun kasbiy qobiliyatlar nafaqat shaxsning tabiiy layoqatlaridan, balki psixologik rivojlanish sharoitlaridan, o‘qitish metodikasi va motivatsion tizimdan ham kelib chiqadi. Xulosa va tavsiyalar. Kasbiy qobiliyat tushunchasining psixologik asoslari shuni ko‘rsatadiki, talabaning kasbiy rivojlanishi uzluksiz va bosqichma-bosqich kechadigan jarayon bo‘lib, unda shaxsning intellektual salohiyati, motivatsiyasi, emotsional barqarorligi va amaliy tayyorgarligi o‘zaro uyg‘unlashgan holda namoyon bo‘ladi. Shu bois, kasbiy qobiliyatlarni rivojlantirish ta’lim jarayonida maxsus metodik yondashuvlarni, individual yondashuvni va talabalar psixologiyasining chuqur tahlilini talab etadi.

Adabiyotlar

01

1.Soatov A.J. Bo‘lajak pedagog-psixologlarda psixologik maslahat berish ko‘nikmalarini shakllantirish texnologiyasi. O‘quv qo‘llanma. - Qarshi: Fan va ta’lim. 2022. - 106 b.

02

2.Soatov.A.J. Bo‘lajak pedagog-psixologlarda psixologik maslahat berish ko‘nikmalarini shakllantirish metodikasini takomillashtirish. Pedagogika fanlari falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi. 13.00.02. – Q.: QDU, 2022. – 58 b.

03

3.Soatov A.J. Mutaxassislikka kirish. Darslik. Qarshi: “BIG MAKRO WORLD” nashriyoti. 2025. 39 b.

04

4. Urinova L.Sh. Diqqat psixologiyasi. O‘quv qo‘llanma. Qarshi: “BIG MAKRO WORLD” nashriyoti. 2025. 43 b.

BOSHQA TILLARDA

Mualliflar

N.I.F
NAFISA ITOLMASOVA FURQATOVNA

Turon universiteti magistri

Iqtibos olish

ITOLMASOVA, N. (2026). KASBIY QOBILIYAT TUSHUNCHASI VA UNING PSIXOLOGIK ASOSLARI. ACADEMIC SPECTRUM, 2-Son (2026-yil, Fevral), 51-53.