Anotatsiya (UZ):
Annotatsiya o'zbek tilida mavjud emas.
Kalit
so'z (UZ):
emotsional intellekt, ijtimoiy-psixologik mexanizmlari, talaba shaxsiyati, stressni boshqarish, empatiya, motivatsiya, psixologik trening, o‘zini anglash, o‘zini boshqarish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash
Аннотация (RUS):
В дaннoй cтaтьe aнaлизиpyютcя coциaльнo-пcиxoлoгичeckиe мexaнизмы yпpaвлeния эмoциoнaльным интeллekтoм в coвpeмeнныx ceмьяx. Ocнoвнoй цeлью иccлeдoвaния являeтcя выявлeниe эффekтивныx фopм и мeтoдoв paзвития и yпpaвлeния эмoциoнaльным интeллekтoм в ycлoвияx coвpeмeннoй ceмьи. В paмkax cтaтьи paccмaтpивaютcя тeopeтичeckиe ocнoвы эмoциoнaльнoгo интeллekтa, eгo знaчeниe в oбpaзoвaтeльнoм пpoцecce, a тakжe нayчнo-пcиxoлoгичeckиe мexaнизмы фopмиpoвaния эмoциoнaльнoгo caмocoзнaния, caмopeгyляции, эмпaтии и coциaльныx взaимooтнoшeний пocpeдcтвoм пcиxoлoгичeckиx тpeнингoв и нayчныx диckyccий.
Ключевые
слова (RUS):
эмoциoнaльный интeллekт, coциaльнo-пcиxoлoгичeckиe мexaнизмы, личнocть cтyдeнтa, yпpaвлeниe cтpeccoм, эмпaтия, мoтивaция, пcиxoлoгичeckий тpeнинг, caмocoзнaниe, caмopeгyляция, coциaльнaя пoддepжka
Abstract (EN):
This article analyzes the socio-psychological mechanisms of managing emotional intelligence in contemporary families. The primary objective of the study is to identify effective forms and methods for the development and management of emotional intelligence within modern family contexts. The article examines the theoretical foundations of emotional intelligence, its significance in the educational process, as well as the scientific and psychological mechanisms underlying the development of emotional self-awareness, self-regulation, empathy, and social relationships through psychological trainings and scholarly discussions.
Keywords
(EN):
emotional intelligence, socio-psychological mechanisms, student personality, stress management, empathy, motivation, psychological training, self-awareness, self-regulation, social support
Maqola Mazmuni
Kirish. Ota-ona ta’limi jamiyatning barqaror rivojlanishi uchun asosiy tayanch omillardan biri hisoblanadi. Chunki u bolaning ijtimoiy chetlanish ehtimolini oshiruvchi xavf omillari - qashshoqlik, to‘liq bo‘lmagan oila, ota-onalarning past ta’lim darajasi kabi salbiy sharoitlarning ta’sirini yumshatish yoki kamaytirish imkonini beradi. Ota-ona ta’limining bosh maqsadi bolani tarbiyalash sharoitlarini optimallashtirish, shuningdek, ota-onalarga farzandlarning xattiharakatlarini boshqarishda zarur bo‘lgan psixologik va pedagogik ko‘nikmalarni shakllantirishdan iborat.
Biroq ota-onalarni ta’lim jarayoniga faol jalb qilish doimo ham oson kechmaydi. Buning asosiy sabablaridan biri - ota-onalarning yetarli resurslarga ega emasligi, yana biri esa ularning kundalik maishiy vazifalar va tarbiya bilan bog‘liq mas’uliyatlar tufayli vaqt tanqisligidir. Ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ota-onalarda yuqori darajadagi tashvish va farzand tarbiyasiga oid
xavotirlar mavjud bo‘lganida, bolalarda akademik charchash (burnout) holati yuqori bo‘lishi mumkin.
Hissiy intellekt ijtimoiy intellektning ajralmas va muhim tarkibiy qismi bo‘lib, shaxsning o‘z hissiy holatlarini anglash, ularni aniqlash, farqlash hamda vaziyatga mos ravishda to‘g‘ri talqin qila olish qobiliyatini ifodalaydi. Ushbu psixologik ko‘nikma insonning stressli va noaniq vaziyatlarga moslashuvini yengillashtirib, ruhiy barqarorlikni ta’minlashda muhim omil sifatida namoyon bo‘ladi.
Goleman hissiy intellektni to‘rtta asosiy komponent orqali tushuntiradi: shaxsning o‘zini anglash qobiliyati, ijtimoiy muhit va boshqalarning hissiy holatini idrok etish (ijtimoiy xabardorlik), o‘z his-tuyg‘ularini nazorat qilish va tartibga solish, shuningdek, shaxslararo munosabatlarni samarali boshqarish ko‘nikmalari.
Ilmiy adabiyotlarda hissiy intellektga zamonaviy va ilg‘or yondashuvlar uni shaxsning samarali faoliyati va hayotiy muvaffaqiyatini ta’minlovchi hissiy kompetensiyalarni shakllantirish jarayoni sifatida talqin qiladi. Hissiy intellektning yetuk darajasi ijtimoiy aloqalarning sifat jihatdan yuksalishiga, empatiya va hamkorlikka asoslangan prosotsial xatti-harakatlarning rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi ilmiy tadqiqotlar bilan tasdiqlangan.
Baumrind tomonidan taklif etilgan klassik tasnifga ko‘ra, ota-ona tarbiya uslubi - bu otaonaning farzand bilan o‘zaro munosabat jarayonida namoyon bo‘ladigan qadriyatlar tizimi, xulqatvor me’yorlari va tarbiyaviy amaliyotlar majmuasidir. Ushbu model doirasida uch asosiy tarbiya uslubi ajratib ko‘rsatiladi: avtoritar, avtoritativ (obro‘li) va ruxsat beruvchi uslublar. Mazkur uslublar ikki asosiy mezon - talabchanlik va sezgirlik (mehr-muhabbat) darajasiga ko‘ra farqlanadi. Talabchanlik ota-onaning bolaga nisbatan qo‘yadigan qoidalari, chegaralari va nazorat mexanizmlarini ifodalasa, sezgirlik ota-onaning farzand ehtiyojlariga nisbatan hissiy javob berish darajasi, mehr-muhabbatni ifodalash shakllari va emotsional qo‘llab-quvvatlashni anglatadi.
Mavzuga oid adabiyotlar sharhi. Ota-onalar tarbiya jarayonida ko‘pincha bolalarning nomaqbul yoki muammoli xatti-harakatlari bilan yuzma-yuz keladilar. Bunday vaziyatlar ko‘plab oilalarda nizolar va hissiy keskinlikning asosiy manbaiga aylanadi. Mojaro davomida yuzaga keladigan kuchli hissiy kechinmalarni boshqarish ota-onalar uchun murakkab psixologik jarayon bo‘lib, bu holatda aybdorlik, umidsizlik yoki o‘zini yetarli darajada qobiliyatli emas deb his qilish kabi salbiy emotsiyalar kuchayishi mumkin. Shu sababli, ayniqsa keskin va stressli vaziyatlarda tarbiya jarayonining barqarorligi hamda samaradorligi ota-onalarning hissiy intellekti darajasiga bevosita bog‘liq ekani ilmiy manbalarda alohida ta’kidlanadi.
Hissiy intellekt his-tuyg‘ularni anglash, ularni boshqarish, tartibga solish va maqsadli yo‘naltirish jarayonlarini o‘z ichiga oladi. Shu bois u nafaqat shaxsning individual rivojlanishida, balki ota-onalik faoliyatida zarur bo‘lgan muhim psixologik kompetensiya sifatida e’tirof etiladi. Goleman hissiy intellektni shaxsning stressli sharoitlarda o‘zini ichki jihatdan rag‘batlantira olish, impulslarni nazorat qilish, sabr-toqatli bo‘lish va kechiktirilgan qoniqishni qabul qila olish qobiliyati bilan izohlaydi.
Reuven Bar-On o‘zining 25 yil davom etgan keng ko‘lamli empirik tadqiqotlari asosida hissiy intellektning quyidagi asosiy komponentlarini aniqlagan: shaxslararo munosabatlar sifati, intrapersonal (shaxsiy) kompetensiyalar, moslashuvchanlik darajasi, stressni boshqarish qobiliyati hamda umumiy emotsional kayfiyat. Uning ta’kidlashicha, hissiy intellekt shaxsning murakkab hayotiy vaziyatlarga, jumladan, bolalarni tarbiyalash jarayonida yuzaga keladigan qiyinchiliklarga qanday munosabat bildirishini belgilovchi asosiy psixologik mexanizm hisoblanadi.
Vega va hammualliflar tomonidan o‘tkazilgan tizimli tahlil va meta-tahlil natijalari (20) otaonalarning hissiy intellekti yuqori bo‘lgan sari stress bilan bog‘liq tajovuzkor xatti-harakatlarning sezilarli darajada kamayishini ko‘rsatgan. Shuningdek, tajribaga ochiqlik, vijdonlilik, ekstraversiya va kelishuvchanlik kabi shaxsiy xususiyatlar hissiy intellektning shakllanishi bilan chambarchas bog‘liq ekani aniqlangan. Mazkur omillar samarali shaxslararo munosabatlarning rivojlanishiga hamda nizolarni konstruktiv tarzda hal etish strategiyalarining shakllanishiga xizmat qiladi. Shu
bois hissiy intellekt shaxsning psixologik farovonligi va ijtimoiy moslashuvchanligining muhim prediktori sifatida e’tirof etiladi.
Hissiy intellekti rivojlanmagan ota-onalar Goleman tomonidan “hissiy ortiqcha qo‘zg‘alish” deb ta’riflangan holatni boshdan kechirishlari mumkin. Bu holatda shaxs shoshqaloqlik bilan qaror qabul qiladi, o‘ylamasdan gapiradi, natijada ko‘pincha afsus uyg‘otuvchi xatti-harakatlar sodir bo‘ladi. Bunday reaktiv munosabatlar bolalarda g‘azabni boshqarish qiyinchiliklari bilan ham bog‘liq.
Hissiy intellektning ota-onalarga xos yana bir muhim tarkibiy qismi - “kontekstga sezgirlik”dir. Bu ota-onaning o‘z hissiy javobini konkret vaziyat talablaridan kelib chiqib tartibga sola olishi, sharoitga mos ravishda munosabatini o‘zgartira bilishini anglatadi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, hissiy intellekti past ota-onalar tarbiya jarayonida mukammallikka ortiqcha intiladilar, bu esa ularning tez charchashiga va emosional zo‘riqishga olib keladi. Aksincha, hissiy intellekti rivojlangan ota-onalarning tarbiya amaliyoti yanada samarali bo‘ladi, natijada bolalarning ijtimoiy, psixologik va emosional rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratiladi. Ota-onalarning hissiy intellekti tufayli stressning kamayishi bolalarning ijtimoiyemotsional rivojlanishiga sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ota-onalarning hissiy intellekti intrapersonal va interpersonal o‘lchovlari bo‘yicha o‘rganilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ayniqsa interpersonal hissiy intellektning yuqori bo‘lishi ota-onalardagi emotsional charchash darajasining pasayishi bilan bog‘liq.
Tadqiqot metodologiyasi. Tadqiqot metodologiyasi sifatida anketaga asoslangan so‘rov qo‘llanilgan. Tanlanma qulaylik asosida shakllantirilgan bo‘lib, respondentlar sifatida bir qancha Urganch shahridagi Nurli hayot mahallasida yashab kelayotgan oilalar jalb qilindi. Ma’lumotlarni yig‘ishda qo‘shimcha ravishda “qor to‘pi” (snowball sampling) usuli ham qo‘llangan. Tadqiqot mavzusi bo‘yicha mavjud ilmiy adabiyotlar, xalqaro tadqiqot natijalari va ta’lim siyosati hujjatlari o‘rganildi. Maqolani yozishda bibliografik tahlil metodi qo‘llanilib, emotsional intellekt tushunchasi o‘rganildi, so‘rovnoma va intervyu metodlari orqali turli darajadagi oilalar bilan suhbatlar o‘tkazildi. Shuningdek, kuzatuv metodlari ko‘magidaoilalarning his-tuyg‘ularni anglash, boshqarish, boshqalar his-tuyg‘ularini tushunish hamda ijtimoiy aloqalarni o‘rnatish kabi ijtimoiypsixologik omillarni qo‘llashi kuzatildi. Maqolada keltirilgan xulosalar nazariy asosga ega bo‘lib, deduktiv yondashuv orqali shakllantirildi.
Tahlil va natijalar. Olib borilgan Tadqiqot natijalari quyidagilarni ko‘rsatdi: Ota-onalarning hissiy intellekti ota-ona kompetentsiyasining yuqori darajasi bilan ma’noli ijobiy korrelyatsiyaga ega (r = 0.24, p < 0.001).
Ota-ona kompetentsiyasidagi o‘zgarishlarning 15% hissiy intellekt darajasi bilan izohlanadi (R = 0.38, R² = 0.15).
Ota-onalarning o‘z-o‘zini hurmat qilish darajasi ham ota-ona kompetentsiyasiga ta’sir ko‘rsatadi (R = 0.24, p < 0.001) va kompetentsiya variativligining 6% ini tashkil etadi (R² = 0.06).
Natijalarga ko‘ra, ota-onalarning hissiy intellekti va o‘zini qadrlashi ota-onalik kompetentsiyasining shakllanishida muhim rol o‘ynaydi. Shuningdek, respondentlarning ta’lim darajasi ham kompetentsiyaga qisman ta’sir ko‘rsatishi aniqlangan. Ota-onalarning oliy ma’lumotli bo‘lishi ular uchun sifatli pedagogik va psixologik ma’lumotlarga kirish imkoniyatini yaratadi, ammo shunga qaramay, Barnum effekti ta’lim darajasidan qat’i nazar faoliyat ko‘rsatadi.
Tarbiya jarayonida Barnum effekti ilmiy asosga ega bo‘lmagan tavsiyalarga murojaat qilish, bolalarning real ehtiyojlaridan ko‘ra ota-onalarning shaxsiy qarashlari va istaklariga mos keladigan ma’lumotlarga ishonish tarzida namoyon bo‘ladi. Bu esa tarbiya sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Umuman olganda, tadqiqot natijalari ota-onalarning hissiy intellektini rivojlantirish bolalarning sog‘lom psixologik rivoji va samarali tarbiyasi uchun zarur omil ekanini ko‘rsatadi. Shuningdek, tarbiya sohasida amalga oshiriladigan o‘quv dasturlari va treninglar ota-onalik kompetentsiyasini oshirishda muhim o‘rin tutadi.
Xulosa va takliflar. Zamonaviy oilalarda emotsional intellektni boshqarish akademik jarayon, shaxsiy hayot va ijtimoiy munosabatlarning muvaffaqiyati uchun asosiy omil hisoblanadi. Ushbu maqolada tahlil qilingan ijtimoiy-psixologik mehanizmlar, emotsional intellekt treninglari, psixologik ilmiy munozaralar, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda reallikdan olingan kommunikatsion vaziyatlar oilalarda emotsional boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirishda samarali ekanligi isbotlandi. Ta’lim muassasalari ushbu usullarni tizimli tarzda joriy etish orqali oilalarning psixologik salomatligini mustahkamlash, ularning akademik samaradorligini va ijtimoiy moslashuvini yanada oshirishga erisha- dilar.
Sinovdan o‘tkazilgan gipotezalar natijalari quyidagi ilmiy xulosalarni shakllantirish imkonini berdi:
Hissiy intellekti yuqori bo‘lgan ota-onalar tarbiya jarayonida qo‘llaydigan o‘ziga xos emotsional boshqaruv strategiyalari hisobiga yuqori darajadagi ota-ona vakolatini namoyon etadilar. Bu strategiyalar ota-onalarning muammoli vaziyatlarda izchil, barqaror va moslashuvchan tarbiyaviy yondashuvini ta’minlaydi.
Ota-ona vakolatlari darajasidagi farqlanishning 6 foizi ota-onalarning o‘zini o‘zi hurmat qilish darajasidagi o‘zgarishlar bilan izohlanadi. O‘zini yuqori baholaydigan ota-onalarda tarbiyaviy ishonch, o‘z kuchiga bo‘lgan e’tiqod va samaradorlik yuqori bo‘ladi, bu esa vakolatning oshishiga xizmat qiladi.
Ota-analik kompetensiyasi ota-onalar hissiy intellekti va o‘zini o‘zi qadrlash ko‘rsatkichlari bilan belgilanadi. Mazkur munosabatni tasdiqlovchi omillar, jumladan, tasdiqlovchi omil tahlili orqali aniqlangan tuzilmalar ushbu bog‘liqlikning barqarorligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, o‘zo‘zini hurmat qilish ota-onalar hissiy intellekti va ota-onalar kompetensiyasi o‘rtasidagi munosabatlarda vositachilik (mediator) rolini bajaradi.
Ota-onalar ta’lim darajasi ularning ota-onalar vakolatlari darajasiga ma’lum darajada ta’sir qiladi. Biroq mazkur ta’sirning to‘liq mexanizmini aniqlash uchun qo‘shimcha empirik tadqiqotlar talab etiladi.
Ota-onalar hissiy intellektining yuqori darajasi vakolatli (avtoritativ) tarbiya uslubini tanlash bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, bu hissiy intellektning tarkibiy qismlari - empatiya, moslashuvchanlik, stressni boshqarish va emotsional o‘zini nazorat qilish bilan uyg‘unlashadi.
Ota-onalar yuqori ta’lim darajasiga ega bo‘lgan taqdirda ham, Barnum effekti (umumiy va noaniq ta’riflarni shaxsiy va aniq deb qabul qilish) kuzatilishi mumkin. Bu esa ota-ona maqomi yoki akademik darajasidan qat’i nazar, kattalar uchun ota-onalik bo‘yicha maxsus ta’lim dasturlarini kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
Tadqiqot natijalari ishtirokchilarida kuzatilgan Barnum efekti oshgani sari ota-ona vakolatlari darajasining pasayishi aniqlangan. Bu esa bolalarni tarbiyalashda noo‘rin, ilmiy asosga ega bo‘lmagan yondashuvlarning qo‘llanish ehtimolini oshiradi. Shu sababli, kattalarni ota-onalik kompetensiyasi bo‘yicha tizimli o‘qitish, salbiy ta’lim amaliyotlarini kamaytirish va zamonaviy tarbiyaviy yondashuvlarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.