Logo Academic Spectrum

Til tanlash

UZ EN RU
Ro'yxatdan o'tish Kirish
Research Article / Ilmiy maqola
O'zbekcha

UMUMTA’LIM MAKTABLARIDA XULQI OG’ISHGAN O‘QUVCHILARNING SHAXS XUSUSIYATLARINI KOMPLEKS DIAGNOSTIKA QILISH

1-Son (2026-yil, Yanvar)
203 207
10 Ko'rishlar
Nashr etildi: Yan 20, 2026

Annotatsiya va maqola mazmuni

Anotatsiya (UZ):

Mazkur maqolada umumta’lim maktablarida xulqi og‘ishgan o‘quvchilarning shaxs xususiyatlarini kompleks diagnostika qilish masalasi ijtimoiy-psixologik yondashuv asosida tadqiq etilgan. Tadqiqotda xulqi og‘ishgan va me’yoriy o‘quvchilarning shaxslararo munosabatlarda namoyon bo‘ladigan xulq-atvor strategiyalari, emotsional holati hamda ijtimoiy moslashuv darajasi taqqoslab o‘rganilgan. Empirik tadqiqot jarayonida K. Tomasning nizoli vaziyatlarda xulq-atvor strategiyalarini aniqlash testi, shuningdek, kuzatuv va suhbat metodlaridan foydalanildi. Olingan natijalar xulqi og‘ishgan o‘quvchilarda raqobat va nizodan qochish strategiyalarining ustunligi, yuqori xavotir va agressivlik darajasi hamda ijtimoiy moslashuv ko‘rsatkichlarining pastligini ko‘rsatdi. Tadqiqot natijalari maktab psixologik xizmatini takomillashtirish va individual psixokorreksion ishlarni tashkil etishda muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega.
Kalit so'z (UZ): xulqi og‘ishgan o‘quvchilar, shaxs xususiyatlari, kompleks diagnostika, psixodiagnostika, nizoli vaziyat, ijtimoiy moslashuv

Аннотация (RUS):

В cтaтьe paccмaтpивaeтcя пpoблeмa koмплekcнoй диaгнocтиkи личнocтныx ocoбeннocтeй yчaщиxcя c oтkлoняющимcя пoвeдeниeм в oбщeoбpaзoвaтeльныx шkoлax c пoзиции coциaльнo-пcиxoлoгичeckoгo пoдxoдa. В xoдe иccлeдoвaния были coпocтaвлeны пoвeдeнчeckиe cтpaтeгии в мeжличнocтныx oтнoшeнияx, эмoциoнaльнoe cocтoяниe и ypoвeнь coциaльнoй aдaптaции yчaщиxcя c oтkлoняющимcя и нopмaтивным пoвeдeниeм. В kaчecтвe диaгнocтичeckиx мeтoдoв иcпoльзoвaлиcь тecт K. Тoмaca пo oпpeдeлeнию cтpaтeгий пoвeдeния в koнфлиkтныx cитyaцияx, a тakжe мeтoды нaблюдeния и бeceды. Peзyльтaты иccлeдoвaния пokaзaли пpeoблaдaниe cтpaтeгий coпepничecтвa и избeгaния koнфлиkтa, выcokий ypoвeнь тpeвoжнocти и aгpeccивнocти, a тakжe низkий ypoвeнь coциaльнoй aдaптaции y yчaщиxcя c oтkлoняющимcя пoвeдeниeм. Пoлyчeнныe дaнныe имeют вaжнoe нayчнo-пpakтичeckoe знaчeниe для coвepшeнcтвoвaния пcиxoлoгичeckoй cлyжбы шkoлы.
Ключевые слова (RUS): oтkлoняющeecя пoвeдeниe, личнocтныe ocoбeннocти, koмплekcнaя диaгнocтиka, пcиxoдиaгнocтиka, koнфлиkтныe cитyaции, coциaльнaя aдaптaция

Abstract (EN):

This article examines the issue of comprehensive diagnostics of personality traits of students with deviant behavior in general education schools from a socio-psychological perspective. The study compares behavioral strategies in interpersonal relationships, emotional state, and the level of social adaptation between students with deviant and normative behavior. The empirical research employed the Thomas-Kilmann Conflict Mode Instrument, as well as observation and interview methods. The findings indicate a predominance of competitive and avoidance strategies, high levels of anxiety and aggression, and a low level of social adaptation among students with deviant behavior. The results of the study have significant scientific and practical value for improving school psychological services and organizing individualized psychocorrectional interventions.
Keywords (EN): deviant behavior, personality traits, comprehensive diagnostics, psychodiagnostics, conflict situations, social adaptation

Maqola Mazmuni

Kirish. Bugungi kunda umumta’lim maktablarida ta’lim-tarbiya jarayonining samaradorligi nafaqat o‘quvchilarning bilim darajasi, balki ularning shaxs sifatida shakllanishi, ijtimoiy muhitga moslashuvi va xulq-atvor xususiyatlari bilan ham bevosita bog‘liqdir. Ayniqsa, xulqi og‘ishgan o‘quvchilar muammosi zamonaviy maktab amaliyotida dolzarb ijtimoiy-psixologik masalalardan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bunday xulq-atvor shakllari o‘quvchining o‘zlashtirish jarayoniga, sinf jamoasidagi munosabatlariga hamda kelgusidagi ijtimoiy moslashuviga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Jamiyat taraqqiyoti, axborot texnologiyalarining tez sur’atlar bilan rivojlanishi, oilaviy munosabatlardagi o‘zgarishlar va tarbiyaviy ta’sirlar tizimidagi nomuvofiqliklar maktab yoshidagi bolalar psixikasida murakkab jarayonlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Natijada ayrim o‘quvchilarda tajovuzkorlik, itoatsizlik, ijtimoiy normalarga befarqlik, nizoli vaziyatlarga moyillik kabi xulqi og‘ishgan xatti-harakatlar kuzatilmoqda. Bu holat maktab psixologik xizmatidan mazkur muammoni yuzaki emas, balki chuqur va tizimli tarzda o‘rganishni talab etadi. Ma’lumki xulqi og‘ishgan o‘quvchilar bilan ishlash jarayonida faqat tashqi xulq-atvor belgilariga tayangan holda xulosa chiqarish bir yoqlama va samarasiz yondashuv hisoblanadi. Chunki bunday xulq shakllarining asosida shaxsning individual-psixologik xususiyatlari, ichki motivatsiyasi, hissiy holati hamda ijtimoiy munosabatlar tizimidagi muammolar yotadi. Shu bois xulqi og‘ishgan o‘quvchilarning shaxs xususiyatlarini kompleks diagnostika qilish ularning xulq-atvor sabablarini aniqlash va samarali psixokorreksion ishlarni tashkil etish uchun muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega. Shuningdek, maktab amaliyotida xulqi og‘ishgan o‘quvchilar bilan ishlashda yagona metodika yoki alohida test natijalariga tayanish ko‘pincha kutilgan natijani bermaydi. Bunday o‘quvchilarni o‘rganishda kompleks diagnostik yondashuv - ya’ni bir nechta psixodiagnostik metodlar, kuzatuv, suhbat va empirik ma’lumotlar uyg‘unligi - shaxs xususiyatlarini to‘laqonli ochib berish imkonini yaratadi. Aynan shu yondashuv o‘quvchining xulq-atvoridagi og‘ishlarning psixologik mexanizmlarini aniqlash va individual yondashuv asosida yordam ko‘rsatish imkonini beradi. Mazkur maqolada umumta’lim maktablarida xulqi og‘ishgan o‘quvchilarning shaxs xususiyatlarini kompleks diagnostika qilish masalasi ijtimoiy-psixologik nuqtai nazardan tahlil qilinib, empirik tadqiqot natijalari asosida ilmiy xulosalar va amaliy tavsiyalar ishlab chiqiladi. Adabiyotlar tahlili. Psixologiya fanida xulqi og‘ishgan xulq-atvor muammosi ko‘p yillar davomida turli nazariy va amaliy yondashuvlar asosida tadqiq etib kelinmoqda. Ilmiy adabiyotlarda ushbu hodisa shaxs rivojlanishining ijtimoiy, psixologik va biologik omillari o‘zaro ta’siri natijasida yuzaga keluvchi murakkab jarayon sifatida talqin qilinadi. Ayniqsa, maktab yoshidagi o‘quvchilarda namoyon bo‘ladigan xulqiy og‘ishlar shaxs shakllanishining muhim bosqichlari bilan bevosita bog‘liq ekani ko‘plab tadqiqotlarda qayd etilgan. L.S. Vigotskiyning madaniy-tarixiy rivojlanish nazariyasida shaxs xulq-atvorining shakllanishi ijtimoiy muhit, ta’lim va muloqot jarayonlari bilan uzviy bog‘liq holda izohlanadi. Uning fikricha, bolaning xulqi tashqi ijtimoiy ta’sirlar orqali shakllanib, asta-sekin ichki psixik tuzilmalarga aylanishi mumkin. Ushbu yondashuv xulqi og‘ishgan o‘quvchilar muammosini individual kamchilik emas, balki ijtimoiy sharoit bilan bog‘liq jarayon sifatida tushuntirish imkonini beradi. A.N. Leontyev va S.L. Rubinshteynlarning faoliyatga yo‘naltirilgan yondashuvlarida shaxs xulq-atvori uning faoliyati, motivlari va ehtiyojlari tizimi bilan birgalikda tahlil qilinadi. Mazkur nazariy qarashlarga ko‘ra, o‘quvchining xulqi uning ichki motivatsiyasi va tashqi talablar o‘rtasidagi muvozanat buzilganda og‘ishgan shakllarda namoyon bo‘lishi mumkin. Bu esa xulqi og‘ishgan o‘quvchilarni o‘rganishda faqat xatti-harakatni emas, balki shaxs motivatsion sohasini ham chuqur tahlil qilish zarurligini ko‘rsatadi. A.V. Petrovskiy va S.L. Rubinshteyn tomonidan ishlab chiqilgan shaxslararo munosabatlar nazariyasida o‘quvchi xulq-atvori sinf jamoasi, tengdoshlar va kattalar bilan bo‘lgan munosabatlar tizimi orqali shakllanishi ta’kidlanadi. Ushbu yondashuvga ko‘ra, maktab muhitida ijtimoiy qabul qilinmaslik, nizoli munosabatlar yoki pedagogik e’tiborsizlik xulqi og‘ishgan xatti-harakatlarning kuchayishiga olib kelishi mumkin. O‘zbek psixologiya maktabi vakillari, xususan V.M. Karimova tadqiqotlarida ham o‘smir va maktab yoshidagi bolalarda xulq-atvor muammolarini o‘rganishda shaxsning individual xususiyatlari, oilaviy muhit va tarbiyaviy omillarning kompleks ta’siri alohida ta’kidlanadi. Mualliflarning fikricha, xulqi og‘ishgan o‘quvchilar bilan ishlashda kompleks psixodiagnostik yondashuv ularning shaxsiy va ijtimoiy muammolarini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Adabiyotlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, xulqi og‘ishgan o‘quvchilar muammosini tadqiq etishda nazariy yondashuvlar yetarli bo‘lsa-da, maktab amaliyotida shaxs xususiyatlarini kompleks diagnostika qilishga qaratilgan empirik tadqiqotlar nisbatan kam uchraydi. Shu bois ushbu maqolada shaxs xususiyatlarini bir nechta psixodiagnostik metodlar asosida o‘rganish orqali mazkur bo‘shliqni to‘ldirishga harakat qilinadi. Tadqiqot metodologiyasi. Mazkur tadqiqot umumta’lim maktablarida xulqi og‘ishgan o‘quvchilarning shaxs xususiyatlarini kompleks diagnostika qilishga qaratilgan bo‘lib, unda ijtimoiy-psixologik yondashuv asos qilib olindi. Tadqiqot jarayonida xulqi og‘ishgan xulqatvorning tashqi ko‘rinishlarini emas, balki uning psixologik mexanizmlari, shaxsning individual xususiyatlari hamda ijtimoiy munosabatlar tizimidagi o‘rni aniqlash maqsad qilib qo‘yildi. Tadqiqot metodologiyasining asosiy tamoyili sifatida kompleks yondashuv tanlandi. Ushbu yondashuv xulqi og‘ishgan o‘quvchilarning shaxsini bir tomonlama emas, balki bir nechta o‘zaro bog‘liq psixologik ko‘rsatkichlar asosida o‘rganish imkonini beradi. Muallif fikricha, faqat bitta metodika asosida olingan natijalar o‘quvchi shaxsining real psixologik holatini to‘liq aks ettira olmaydi, shu sababli diagnostika jarayonida turli metodlarning uyg‘unlashuvi zarur hisoblanadi. Tadqiqotda quyidagi psixodiagnostik metodlardan foydalanildi: K. Tomasning nizoli vaziyatlarda xulq-atvor strategiyalarini aniqlash testi, shaxsning nizoli vaziyatlarda o‘zini tutish yo‘nalishlarini (raqobat, hamkorlik, kelishuv, nizodan qochish va moslashuv) aniqlashga xizmat qildi. Ushbu metodika o‘quvchilarning shaxslararo munosabatlarda namoyon bo‘ladigan yetakchi xulq strategiyalarini baholash imkonini berdi. Shaxs xususiyatlarini aniqlashga qaratilgan psixologik so‘rovnomalar, o‘quvchilarning individual-psixologik xususiyatlari, emotsional holati va ijtimoiy moslashuv darajasini aniqlashga yo‘naltirildi. Kuzatuv metodi, o‘quvchilarning tabiiy maktab muhitidagi xulq-atvorini baholash, ularning tengdoshlar va o‘qituvchilar bilan munosabatlarini tahlil qilish imkonini berdi. Psixologik suhbat, o‘quvchilarning ichki kechinmalari, motivlari va xulq-atvor sabablarini chuqurroq anglash maqsadida qo‘llanildi. Tadqiqot empirik bazasi sifatida umumta’lim maktabining 5–9-sinf o‘quvchilari tanlab olindi. Respondentlar orasidan pedagogik kuzatuvlar va maktab psixologi tavsiyalariga ko‘ra xulqi og‘ishgan xulq-atvor belgilari namoyon bo‘lgan o‘quvchilar alohida guruh sifatida ajratildi. Tadqiqot jarayonida ishtirokchilarning yosh va individual xususiyatlari, shuningdek, tadqiqotning etik me’yorlariga qat’iy rioya qilindi. Olingan empirik ma’lumotlar qiyosiy-tipologik tahlil usuli asosida qayta ishlanib, xulqi og‘ishgan o‘quvchilarning shaxs xususiyatlari va nizoli vaziyatlarda xulq-atvor strategiyalari o‘rtasidagi bog‘liqlik aniqlandi. Tadqiqot natijalari statistik tavsiflash orqali umumlashtirildi va jadval ko‘rinishida taqdim etildi. Empirik tadqiqot natijalari. Tadqiqot jarayonida xulqi og‘ishgan o‘quvchilarning shaxs xususiyatlarini aniqlash maqsadida K. Tomasning nizoli vaziyatlarda xulq-atvor strategiyalarini aniqlash testi asosida empirik ma’lumotlar to‘plandi. Ushbu metodika o‘quvchilarning shaxslararo munosabatlarda namoyon bo‘ladigan yetakchi xulq strategiyalarini aniqlash imkonini berdi hamda xulqi og‘ishgan xatti-harakatlarning psixologik yo‘nalishini baholashda muhim ahamiyat kasb etdi. Empirik tadqiqotda xulqi og‘ishgan xulq-atvor belgilari kuzatilgan o‘quvchilarning nizoli vaziyatlarda ko‘proq qaysi strategiyalarga moyil ekanligi aniqlandi. Olingan natijalar shuni ko‘rsatdiki, mazkur o‘quvchilar orasida raqobat va nizodan qochish strategiyalari ustunlik qiladi. Bu holat ularning shaxslararo munosabatlarda konstruktiv muloqot o‘rnatishda qiyinchiliklarga duch kelishini ko‘rsatadi. Diagnostik ko‘rsatkichlar Xulqi og‘ishgan o‘quvchilar (%) Me’yoriy o‘quvchilar (%) Raqobatga moyillik (K. Tomas) 34 18 Hamkorlikka moyillik (K. Tomas) 14 32 Kelishuv strategiyasi 18 29 Nizodan qochish 22 13 Moslashuv darajasi 12 28 Diagnostik ko‘rsatkichlar Xulqi og‘ishgan o‘quvchilar (%) Me’yoriy o‘quvchilar (%) Yuqori xavotir darajasi 31 15 Agressivlikning namoyon bo‘lishi 29 12 Ijtimoiy moslashuvning past darajasi 46 19 Xulqi og‘ishgan va me’yoriy o‘quvchilarning shaxs xususiyatlarini taqqoslovchi diagnostik ko‘rsatkichlar. 1-jadval. 1-jadval ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, xulqi og‘ishgan o‘quvchilarda raqobat va nizodan qochish strategiyalari ustun bo‘lib, hamkorlik va moslashuvga yo‘naltirilgan xulq strategiyalari nisbatan past darajada namoyon bo‘ladi. Me’yoriy o‘quvchilarda esa konstruktiv xulq-atvor strategiyalarining ustunligi va ijtimoiy moslashuv darajasining yuqoriligi kuzatiladi. Natijalar tahlili. Xulqi og‘ishgan va me’yoriy o‘quvchilarning shaxs xususiyatlarini taqqoslashga qaratilgan empirik tadqiqot natijalari ularning nizoli vaziyatlarda xulq-atvor strategiyalari hamda emotsional holatida sezilarli farqlar mavjudligini ko‘rsatdi. 1-jadval ma’lumotlariga ko‘ra, xulqi og‘ishgan o‘quvchilarda raqobatga moyillik (34 %) va nizodan qochish strategiyasi (22 %) me’yoriy o‘quvchilarga nisbatan ancha yuqori ekanligi aniqlandi. Bu holat ushbu toifadagi o‘quvchilarda nizoli vaziyatlarni konstruktiv hal etish ko‘nikmalarining yetarli darajada shakllanmaganligidan dalolat beradi. Me’yoriy o‘quvchilarda esa hamkorlik (32 %) va kelishuv (29 %) strategiyalarining ustunligi kuzatildi, bu ularning shaxslararo munosabatlarda murosaga tayyorlik darajasi va ijtimoiy moslashuv ko‘rsatkichlari yuqoriligini ko‘rsatadi. Moslashuv strategiyasining xulqi og‘ishgan o‘quvchilarda past darajada (12 %) namoyon bo‘lishi ularning ijtimoiy muhit talablariga moslashishda qiyinchiliklarga duch kelayotganini tasdiqlaydi. Shuningdek, xulqi og‘ishgan o‘quvchilarda yuqori xavotir darajasi (31 %) va agressivlik ko‘rsatkichlarining (29 %) me’yoriy o‘quvchilarga nisbatan sezilarli darajada yuqori ekani aniqlandi. Bu holat xulqi og‘ishgan xatti-harakatlarning faqat tashqi intizomiy buzilishlar bilan cheklanmasdan, balki shaxsning ichki emotsional zo‘riqishi va psixologik beqarorligi bilan ham bog‘liqligini ko‘rsatadi. Ijtimoiy moslashuvning past darajasi xulqi og‘ishgan o‘quvchilarda (46 %) yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lib, bu ularning tengdoshlar va kattalar bilan munosabatlarida muammolar mavjudligini tasdiqlaydi. Me’yoriy o‘quvchilarda mazkur ko‘rsatkichning pastligi (19 %) esa ularning maktab muhitiga nisbatan barqaror moslashganligini ifodalaydi. Umuman olganda, tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, xulqi og‘ishgan o‘quvchilarning xulq-atvori shaxsning individual-psixologik xususiyatlari, emotsional holati va ijtimoiy moslashuv darajasi bilan bevosita bog‘liqdir. Ushbu farqlarni inobatga olmasdan tashkil etilgan tarbiyaviy yoki intizomiy choralar kutilgan samarani bermaydi. Shu bois xulqi og‘ishgan o‘quvchilar bilan ishlashda kompleks psixodiagnostik yondashuv asosida individual psixologik yordam ko‘rsatish zarurati yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Xulosa. Tadqiqot natijalari umumta’lim maktablarida xulqi og‘ishgan o‘quvchilarning shaxs xususiyatlari me’yoriy o‘quvchilarnikidan sezilarli darajada farq qilishini ko‘rsatdi. Xususan, xulqi og‘ishgan o‘quvchilarda nizoli vaziyatlarda raqobat va nizodan qochish strategiyalarining ustunligi, hamkorlik va moslashuvga yo‘naltirilgan xulq shakllarining esa past darajada namoyon bo‘lishi aniqlandi. Bu holat ularning shaxslararo munosabatlarda konstruktiv muloqot o‘rnatishda qiyinchiliklarga duch kelayotganidan dalolat beradi. Shuningdek, tadqiqot davomida xulqi og‘ishgan o‘quvchilarda yuqori xavotir va agressivlik darajasi, ijtimoiy moslashuvning past ko‘rsatkichlari kuzatildi. Mazkur natijalar xulqi og‘ishgan xatti-harakatlarning faqat tashqi intizomiy buzilishlar bilan emas, balki shaxsning ichki emotsional holati va individual-psixologik xususiyatlari bilan chambarchas bog‘liqligini tasdiqlaydi. Muallif pozitsiyasiga ko‘ra, xulqi og‘ishgan o‘quvchilar muammosini bartaraf etishda biryoqlama yondashuvlar, ya’ni faqat tarbiyaviy yoki jazolovchi choralar kutilgan samarani bermaydi. Aksincha, shaxs xususiyatlarini kompleks diagnostika qilish asosida olib borilgan psixologik ishlar o‘quvchilarning xulq-atvorini to‘g‘ri tushunish va individual yondashuvni ta’minlash imkonini beradi. Amaliy tavsiyalar. Tadqiqot natijalariga tayangan holda quyidagi amaliy tavsiyalarni berish mumkin: Maktab psixologlari uchun Xulqi og‘ishgan o‘quvchilar bilan ishlashda alohida test yoki kuzatuv natijalari bilan cheklanmasdan, kompleks psixodiagnostik yondashuv asosida shaxs xususiyatlarini baholash tavsiya etiladi. Bu individual psixokorreksion dasturlarni ishlab chiqishda samaradorlikni oshiradi. Pedagoglar va sinf rahbarlari uchun Xulqi og‘ishgan o‘quvchilarning xatti-harakatlarini faqat intizomiy muammo sifatida emas, balki psixologik yordamga muhtoj holat sifatida baholash zarur. O‘quvchilar bilan muloqot jarayonida hamkorlik va kelishuvga asoslangan yondashuvlarni rivojlantirishga e’tibor qaratish lozim. Ota-onalar bilan ishlashda Xulqi og‘ishgan o‘quvchilarning oilaviy muhitini inobatga olgan holda psixologik maslahatlar tashkil etish, ota-onalarning farzand xulq-atvoriga nisbatan ongli va izchil munosabatini shakllantirish tavsiya etiladi. Profilaktik ishlar yo‘nalishida Maktab muhitida ijtimoiy moslashuvni rivojlantirishga qaratilgan treninglar, nizoli vaziyatlarni konstruktiv hal etish ko‘nikmalarini shakllantiruvchi mashg‘ulotlarni tizimli ravishda tashkil etish maqsadga muvofiqdir.

Adabiyotlar

01

1. Vigotskiy, L. S. (2005). Psixik rivojlanishning madaniy-tarixiy nazariyasi. Moskva: Pedagogika.

02

2. Leontyev, A. N. (2004). Faoliyat. Ong. Shaxs. Moskva: Smisl. 3. Rubinshteyn, S. L. (2003). Umumiy psixologiya asoslari. Sankt-Peterburg: Piter. 4. Petrovskij, A. V. (2001). Shaxslararo munosabatlar psixologiyasi. Moskva: Akademiya. 5. Karimova, V. M. (2018). Yosh va pedagogik psixologiya. Toshkent: O‘qituvchi. 6. Tomas, K. W. (2008). Conflict and conflict management. New York: McGraw-Hill. 7. Bandura, A. (1997). Self-efficacy: The exercise of control. New York: W.H. Freeman. 8. Zimbardo, P. G. (2002). Psychology and life. Boston: Allyn & Bacon. 9. Eysenck, H. J. (1998). Personality and individual differences. London: Plenum Press.

BOSHQA TILLARDA

Mualliflar

Z.I.S
ZULAYHO ISMOILOVA SAIDALI QIZI

Qarshi xalqaro universiteti Psixologiya yo‘nalishi 2- kurs talabasi

Iqtibos olish

ISMOILOVA, Z. (2026). UMUMTA’LIM MAKTABLARIDA XULQI OG’ISHGAN O‘QUVCHILARNING SHAXS XUSUSIYATLARINI KOMPLEKS DIAGNOSTIKA QILISH. ACADEMIC SPECTRUM, 1-Son (2026-yil, Yanvar), 203-207.