Anotatsiya (UZ):
Ushbu maqola sensorinevral eshitish nuqsoniga ega bolalarning rivojlanish dinamikasini tibbiy va pedagogik nuqtai nazardan o‘rganishga bag‘ishlangan. Nutqiy, kognitiv, emotsional va ijtimoiy rivojlanishdagi o‘zgarishlar, diagnostika usullari (neonatal skrining, audiometriya, genetik testlar), shuningdek, pedagogik yondashuvlar, logopedik ishlar va oilaviy qo‘llab-quvvatlashning ahamiyati ko‘rib chiqilgan. Integrativ tibbiy–pedagogik hamkorlik va individual rivojlanish dasturi (IRD) samarali model sifatida taqdim etilgan.
Kalit
so'z (UZ):
sensorinevral eshitish nuqsoni, nutq rivojlanishi, kognitiv rivojlanish, surdopedagogika, logopedik reabilitatsiya, oilaviy qo‘llab-quvvatlash, multidissiplinar yondashuv, individual rivojlanish dasturi
Аннотация (RUS):
Cтaтья пocвящeнa изyчeнию динaмиkи paзвития дeтeй c ceнcoнeвpaльнoй пoтepeй cлyxa c мeдицинckoй и пeдaгoгичeckoй тoчek зpeния. Paccмoтpeны измeнeния в peчeвoм, koгнитивнoм, эмoциoнaльнoм и coциaльнoм paзвитии, мeтoды диaгнocтиkи (нeoнaтaльный ckpининг, ayдиoмeтpия, гeнeтичeckиe тecты), a тakжe знaчимocть пeдaгoгичeckиx пoдxoдoв, лoгoпeдичeckoй paбoты и ceмeйнoй пoддepжkи. Пpeдcтaвлeнa интeгpaтивнaя мoдeль мeдиko-пeдaгoгичeckoгo coтpyдничecтвa и индивидyaльнoй пpoгpaммы paзвития (IRD).
Ключевые
слова (RUS):
ceнcoнeвpaльнaя тyгoyxocть, paзвитиe peчи, koгнитивнoe paзвитиe, cypдoпeдaгoгиka, лoгoпeдичeckaя peaбилитaция, ceмeйнaя пoддepжka, мyльтидиcциплинapный пoдxoд, индивидyaльнaя пpoгpaммa paзвития
Abstract (EN):
This article is dedicated to the study of the developmental dynamics of children with sensorineural hearing loss from a medical and pedagogical perspective. Changes in speech, cognitive, emotional, and social development are analyzed, along with diagnostic methods (neonatal screening, audiometry, genetic tests) and the importance of pedagogical approaches, speech therapy, and family support. An integrative model of medical–pedagogical cooperation and the Individual Development Program (IRD) is presented as an effective framework.
Keywords
(EN):
sensorineural hearing loss, speech development, cognitive development, surdopedagogy, speech therapy rehabilitation, family support, multidisciplinary approach, Individual Development Program
Maqola Mazmuni
Kirish. So‘nggi yillarda bolalarda eshitish nuqsonlari, xususan sensorinevral eshitish buzilishlarining aniqlanishi va ularni erta reabilitatsiya qilish masalasi tibbiyot hamda pedagogika sohasida eng muhim yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda. Eshitish analizatori faoliyatining cheklanishi nafaqat bolaning nutqiy rivojlanishi, balki uning ijtimoiy moslashuvi, kognitiv faoliyati va emotsional holatiga ham bevosita o‘z ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarning rivojlanish dinamikasini o‘rganish, ularni tibbiy va pedagogik qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish bugungi kunda dolzarb ilmiy-amaliy muammo hisoblanadi. Ushbu muammoni o‘rganish, tahlil qilish va yechimlar qidirish defektolog hamda tibbiyot hodimlarining eng old maqsadlaridan. Ushbu qator muammolarni bartaraf etishda ularni kelib chiqish sabablarini bilish va o‘rganish zarur. Sensorinevral eshitish nuqsoni - bu eshitish analizatorining ichki qismi yoki eshitish nervining shikastlanishi natijasida yuzaga keladigan eshitishning pasayishi yoki yo‘qolishidir. Bunday nuqsonga ega bolalar atrofdagi tovushlarni to‘liq idrok eta olmagani sababli nutq, tafakkur, diqqat va ijtimoiy muloqot sohalarida rivojlanishda orqada qolishadi. Shuning uchun tibbiy tashxis qo‘yish, protezlash, reabilitatsiya, shuningdek, maxsus pedagogik yondashuvlarni ishlab chiqish - ularning to‘laqonli rivojlanishida muhim omil hisoblanadi. Sensorinevral eshitish
nuqsoniga ega bolalarning rivojlanish dinamikasini o‘rganish ilmiy va amaliy jihatdan muhim ahamiyatga ega.
Tadqiqot natijalari bolalar rivojlanishining psixofiziologik va pedagogik xususiyatlarini chuqurroq o‘rganishga, eshitish nuqsoni bolaning nutq, tafakkur, emotsional holati va ijtimoiy moslashuviga qanday ta’sir ko‘rsatishini aniqlashga imkon beradi. Bu esa eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalar bilan ishlashda tibbiy va pedagogik yondashuvlarning o‘zaro integratsiyasini ta’minlash, ularning rivojlanishini samarali qo‘llab-quvvatlashning ilmiy asoslarini yaratishga xizmat qiladi. Amaliy jihatdan esa, tadqiqot natijalari defektolog, logoped, surdopedagog, psixolog va tibbiyot mutaxassislari faoliyatida qo‘llanishi mumkin. Olingan ma’lumotlar eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun individual ta’lim va reabilitatsiya dasturlarini ishlab chiqish, erta tashxis qo‘yish va eshitish protezlarini to‘g‘ri tanlash jarayonlarini takomillashtirishga yordam beradi. Shuningdek, bu yo‘nalishda yaratilgan tavsiyalar maxsus pedagogik amaliyot samaradorligini oshirishga ham xizmat qiladi. Quloq anatomiyasi va eshitish yo‘llari
Inson qulog‘i uch asosiy qismdan tashkil topgan: tashqi quloq, o‘rta quloq va ichki quloq. Ichki quloqdagi Cochlea (salyangoz) spiral shakldagi tuzilma bo‘lib, unda tovush tebranishlari suyuqlik tebranishlariga, keyin esa palla hujayralari orqali elektr impulslariga aylanadi. Ushbu impulslar eshitish nervi orqali miya eshitish markazlariga uzatiladi. Eshitish tizimining bu murakkab mexanizmi har qanday darajadagi shikastlanishga sezgirdir. Ayniqsa, ichki quloqdagi palla hujayralarining zararlanishi yoki eshitish nervi faoliyatining buzilishi natijasida sensorinevral eshitish nuqsoni yuzaga keladi21. Genetik omillar (Connexin-26). Sensorinevral eshitish nuqsonining eng keng tarqalgan sababi genetik mutatsiyalardir. Ayniqsa, GJB2 geni orqali kodlangan Connexin-26 (Cx26) oqsilidagi o‘zgarishlar nonsindromik eshitish nuqsonlarining yarmidan ortig‘ini tashkil etadi. Ushbu oqsil ichki quloqdagi hujayralar orasidagi kaliy ionlari aylanishini ta’minlaydi. Mutatsiyalar tufayli ion almashinuvi buziladi, bu esa endokoklear potentsialning pasayishiga va palla hujayralarining nobud bo‘lishiga olib keladi22.
Homiladorlikdagi infeksiyalar (TORCH). Homiladorlik paytida ona organizmida yuzaga kelgan infeksiyalar - TORCH kompleksi (Toxoplasmosis, Rubella, Cytomegalovirus, Herpes simplex) - homilaning eshitish tizimiga zarar yetkazishi mumkin. Ayniqsa, Cytomegalovirus (CMV) infeksiyasi ichki quloq palla hujayralarining rivojlanishida kechikishlar, hujayra degeneratsiyasi yoki eshitish nervi tolalarining shikastlanishiga olib keladi. Natijada bola tug‘ma sensorinevral eshitish nuqsoni bilan tug‘ilishi ehtimoli ortadi23.
Ototoksik dori vositalari: Ba’zi dorilar, xususan aminoglikozid antibiotiklari (gentamitsin, amikasin), siklosporin, sisplatin kabi preparatlar quloq ichidagi palla hujayralariga toksik ta’sir ko‘rsatib, eshitish nervining shikastlanishiga sabab bo‘ladi. Bu holat ototoksiklik deb ataladi. Tadqiqotlarga ko‘ra, aminoglikozidlarni yuqori dozada yoki uzoq muddat qo‘llash sensorinevral eshitish nuqsoni xavfini sezilarli darajada oshiradi24.
Tug‘ruqdan keyingi miya shikastlanishi: Neonatal davrda yuz beradigan og‘ir asoratlar - asfiksiya, ichki qon ketish, sepsis, yoki travmatik tug‘ilish - eshitish yo‘llarini zararlashi mumkin. Bunday shikastlanishlar markaziy eshitish tizimining yetarlicha shakllanmasligiga olib keladi. Shuning uchun erta diagnostika va reabilitatsiya choralari bunday bolalarda eshitish va nutq
21 Wingard JC, Zhao H-B. Cellular and Deafness Mechanisms Underlying Connexin Mutation-Induced Hearing Loss – A Common Hereditary Deafness. Front Cell Neurosci. 2015;9:202. PMID: 26074771. 22 Kelsell DP, Dunlop J, Stevens HP, et al. Connexin 26 mutations in hereditary non-syndromic sensorineural deafness. Nature. 1997;387:80-83. PMID: 9109493. Chen P, Wu W, Zhang J, et al. Pathological mechanisms of connexin26-related hearing loss: Potassium recycling, ATP-calcium signaling, or energy supply? Front Mol Neurosci. 2022;15:976388. DOI: 10.3389/fnmol.2022.976388. 23 Boppana SB, Ross SA, Fowler KB. Congenital cytomegalovirus infection: Clinical outcome and diagnosis. N Engl J Med. 2021;385(14):1342-1352. PMID: 34554689. 24 Rybak LP, Ramkumar V. Ototoxicity. Kidney Int. 2007;72(8):931-935. PMID: 17667971.
rivojlanishini qo‘llab quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi 25. Sensorinevral eshitish nuqsoni ko‘plab ichki va tashqi omillar ta’sirida yuzaga keladi. Genetik o‘zgarishlar, prenatal infeksiyalar, dori toksikligi va neonatal shikastlanishlar ichki quloqning murakkab tuzilmasiga zarar yetkazib, eshitish nervi faoliyatini pasaytiradi. Shu bois tibbiy diagnostika, erta aniqlash va pedagogik reabilitatsiya birgalikda olib borilishi lozim.
Eshtish nuqsoni albatta bolaga faqatgina tibbiy jihatdan ziyon yetkazmaydi. Bolaning umumiy rivojlanish jarayonini ko‘p yo‘nalishda o‘zgartiradi. Eshitish orqali axborot qabul qilishning cheklanishi nafaqat nutqning shakllanishiga, balki fikrlash, emotsional holat va ijtimoiy xulq-atvor rivojlanishiga ham bevosita ta’sir qiladi. Shu sababli bunday bolalarda rivojlanish dinamikasi o‘ziga xos bo‘lib, maxsus pedagogik yondashuvni talab qiladi.
Nutqiy rivojlanishdagi o‘zgarishlar. Eshitish signallarining to‘liq qabul qilinmasligi fonematik eshitishning shakllanishini sekinlashtiradi. Bola tovushlarni bir-biridan farqlashda va ularni nutqda to‘g‘ri qo‘llashda qiynaladi. Bu jarayonning buzilishi so‘z boyligining cheklanishiga, grammatik tuzilmalarning kech shakllanishiga va gap qurishda sodda modellardan foydalanishga olib keladi. Artikulyatsiya esa eshituv nazoratining yetishmasligi sabab aniq shakllanmaydi, ayrim tovushlar noto‘g‘ri talaffuz qilinishi mumkin.
Kognitiv rivojlanish. Eshitish ma’lumotlarining kamayishi bolaning diqqatini ko‘proq vizual kanallarga yo‘naltiradi. Shuning uchun ko‘pchilik eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarda ko‘rgazmali tafakkur va tasvirlarni eslab qolish qobiliyati kuchli bo‘ladi. Shu bilan birga, diqqatni uzoq muddat jamlab turish, eshitish orqali xotira shakllantirish kabi jarayonlar nisbatan sekin rivojlanadi. Vizual idrokning kuchayishi esa ular uchun tabiiy kompensator mexanizm sifatida xizmat qiladi.
Emotsional-irodaviy rivojlanish. Muloqotdagi cheklanishlar bola emotsiyalarining ifodalanishiga va boshqarilishiga ta’sir ko‘rsatadi. Ba’zan bunday bolalar o‘z hissiyotlarini ifodalashda ikkilanadilar yoki ortiqcha qo‘rquv, ishonchsizlik holatlarini namoyon etadilar. Iroda jarayonlarining yetarli darajada shakllanmagani mustaqil qaror qabul qilishda sustlikka olib kelishi mumkin. Bu holatlar ko‘pincha kommunikativ qiyinchiliklar yoki atrofdagilar bilan yetarli darajada o‘zaro aloqaning bo‘lmasligi bilan bog‘liq.
Ijtimoiy moslashuv. Eshitish nuqsoni bolaning tengdoshlar bilan muloqotiga bevosita ta’sir qiladi. Tushunish va suhbatni davom ettirishdagi qiyinchiliklar jamoaga kirish jarayonini sekinlashtiradi. Ba’zan bunday bolalar o‘yin jarayonida chetda qolib ketishlari yoki boshqalarning harakatlarini kuzatib turishga moyil bo‘lishadi. Oiladagi psixologik qo‘llab-quvvatlash, ota-onaning to‘g‘ri yondashuvi va pedagogik yordam esa ijtimoiy moslashuv jarayonini yengillashtiradi va bolaning o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi.
Bolalarda eshitish nuqsonini bartaraf etish va oldini olish uchun hozirgi kunda yurtimizda ko‘plab islohotlar olib borilmoqda. Ushbu islohotlar natijasi sifatida quydagilarni aytishimiz mumkin:
OAE (otoakustik emissiya). Bu usul chaqaloqlarda eshitish qobiliyatini ilk kunlardanoq baholashga yordam beradi. Quloq suprasiga maxsus zond qo‘yilib, ichki quloqdagi tovushga javoban yuzaga keladigan mikro tebranishlar qayd etiladi. Tez, og‘riqsiz va eshitish nervi faoliyatidagi dastlabki buzilishlarni aniqlashga imkon beradi.
ABR / BERA (miyaning eshitish javoblari). Bu test tovush impulslari eshitish nervi orqali miya pog‘onasiga qanchalik to‘g‘ri yetib borishini tekshiradi. Elektrodlar orqali miyaning elektr javoblari qayd etilib, sensorinevral nuqsonning darajasi va joylashuvini aniqlash mumkin.
25 Ciorba A, Bianchini C, Pelucchi S, Pastore A. The impact of hearing loss on the quality of life of elderly adults. Clin Interv Aging. 2018;13:763-771. PMID: 29719424.
Audiometriya turlari. Pediatrik o‘yin audiometriyasi- kichik yoshdagi bolalarda qo‘llanadi. Bola tovushga javoban o‘yinchoq harakati yoki vizual mukofot orqali reaksiya bildiradi. Bu usul eshitishning taxminiy chegaralarini aniqlashga yordam beradi.
Tona audiometriya. Standart diagnostik usul bo‘lib, turli chastota va balandlikdagi tovushlarni qabul qilish qobiliyatini aniq o‘lchaydi. Eshitish chegarasi aniqlanib, sensorinevral nuqson darajasi baholanadi.
Impedansometriya. O‘rta quloqning mexanik holatini tekshiradi. Baraban parda harakatchanligi, quloq bosimi va eshitish zanjiri funksiyasi baholanadi. Sensorinevral emas, balki aralash holatlarni farqlashga yordam beradi.
Genetik testlar. Connexin-26 geni.Ushbu gen mutatsiyasi eshitish analizatori hujayralarida ion almashinuvi jarayonini buzib, tug‘ma yoki erta yoshda namoyon bo‘ladigan sensorinevral nuqsonlarga sabab bo‘lishi mumkin. Test ushbu xavfni aniqlashda muhim.
Mitoxondrial gen mutatsiyalari.Mitoxondriyalardagi ayrim o‘zgarishlar eshitish nervining energiya almashinuvini susaytiradi, bu esa progressiv sensorinevral kar-soqovlikka olib kelishi mumkin. Ushbu testlar nasldan-naslga o‘tish ehtimolini baholashga yordam beradi.
Xulosa. Eshitish nuqsoniga ega bolalarni rivojlantirish jarayoni faqat bitta mutaxassis faoliyati bilan cheklanmaydi; aksincha, u kompleks, uzviy va ko‘p yo‘nalishli yondashuvni talab qiladi. Pedagogik jarayonda surdopedagogikaning asosiy g‘oyalari - kompensator rivojlanish, multimodal o‘qitish va Vygotskiy ta’kidlagan ijtimoiy muhitning yetakchi o‘rni - bolaning til, tafakkur va muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirishda asosiy zamin bo‘lib xizmat qiladi26. Shu bilan birga, logopedik mashg‘ulotlar, artikulyatsion gimnastika, leksik-grammatik rivojlantirish va eshitish qoldig‘idan samarali foydalanish kabi correksion ishlari bolaning real kommunikativ imkoniyatlarini kengaytiradi.
Bu jarayon oilaning faol ishtirokisiz to‘liq samara bermaydi. Ota-onaga beriladigan psixologik maslahatlar, uy sharoitida bajariladigan reabilitatsiya texnikalari va muntazam kuzatuv bola uchun barqaror, qo‘llovchi ijtimoiy muhitni yaratadi. Oila - bola rivojlanishining birinchi va eng muhim bosqichi bo‘lgani uchun, pedagogik jarayonning muhim hamkori sifatida qaraladi.
Eshitish nuqsoni bilan bog‘liq rivojlanish masalalarini samarali hal etishning eng yuqori bosqichi - tibbiy va pedagogik mutaxassislarning integratsiyalashgan hamkorligidir. Surdopedagog, logoped, audiolog, psixolog va reabilitologdan iborat multidissiplinar jamoa bolaning imkoniyatlarini to‘liq baholash imkonini yaratadi. Ushbu hamkorlik asosida tuziladigan individual rivojlanish dasturi (IRD) har bir bolaning hozirgi darajasi, ehtiyojlari, maqsadlari va rivojlanish sur’atiga moslashtiriladi. IRD bo‘yicha muntazam monitoring olib borilishi esa qo‘yilgan maqsadlarning qay darajada amalga oshayotganini aniqlashga yordam beradi27. Shunday qilib, pedagogik yondashuvlar, oilaviy qo‘llab-quvvatlash va tibbiy mutaxassislar bilan uzviy hamkorlikning uyg‘unlashuvi eshitish nuqsoni bo‘lgan bolalarning to‘laqonli rivojlanishi uchun eng samarali modelni shakllantiradi. Bu integrativ yondashuv bola imkoniyatlarini kengaytirib, uning jamiyatga muvaffaqiyatli moslashuvi uchun mustahkam poydevor yaratadi.