Аннотация (RUS):
V dannoy state nauchnoe nasledie Imama al-Buxari rassmatrivaetsya na osnove printsipov sovremennoy pedagogiki: gumanizma, sistemnosti i posledovatelnosti, neprerыvnosti, samostoyatelnosti i aktivnosti, naglyadnosti, a takje edinstva teorii i praktiki. Metodologicheskiy podxod, predstavlennыy v trude “Al-Djami’ as-Saxix”, obosnovыvaetsya kak didakticheskaya model. Rezultatы issledovaniya pokazыvayut, chto vzglyadы Imama al-Buxari mogut slujit vajnoy metodologicheskoy osnovoy v formirovanii duxovno zreloy, samostoyatelno mыslyaщey i aktivnoy lichnosti v sovremennoy sisteme obrazovaniya.
Ключевые
слова (RUS):
Gumanizm, sistemnost, posledovatelnost, neprerыvnost, samostoyatelnost, aktivnost, naglyadnost, edinstvo teorii i praktiki, xadis, pedagogicheskaya metodologiya. Saidnazarova Gulshan Bolta kizi Lecturer at the Department of Pedagogy, Bukhara State University
Maqola Mazmuni
Kirish: Didaktik tamoyillar pedagogik jarayonning nazariy va metodologik asosini tashkil etadi. Ular ta’lim mazmunini tanlash, o‘qitish shakl va metodlarini belgilash, nazorat va baholash mezonlarini ishlab chiqish hamda kutilayotgan natijalarni aniqlash jarayonini ilmiy asosda
“ACADEMIC SPECTRUM” ilmiy-metodik jurnal № 4/2026 ISSN:3093-9089 yo‘naltiradi. Har bir didaktik tamoyil ta’limning muayyan qonuniyatiga tayangan holda o‘quv jarayonining ichki mantiqini belgilaydi va uning samaradorligini ta’minlaydi. Shu bois didaktik tamoyillar pedagogik faoliyatning yo‘nalishini belgilovchi strategik mezonlar sifatida namoyon bo‘ladi. Zamonaviy ta’lim tizimi shaxsga yo‘naltirilganlik, kompetensiyaviy yondashuv, uzluksiz rivojlanish va innovatsion metodlardan foydalanishni talab etadi. Ta’lim jarayoni endilikda faqat bilim berish bilan cheklanmay, balki o‘quvchining mustaqil fikrlashi, muammolarni hal etish qobiliyati, ijtimoiy mas’uliyati va ma’naviy qadriyatlarini shakllantirishni ham o‘z ichiga oladi. Bunday model tizimli, izchil va ilmiy asoslangan didaktik yondashuvni talab qiladi. Shu nuqtai nazardan, Imom al-Buxoriy merosi nafaqat diniy-ilmiy boylik, balki chuqur pedagogik qarashlar tizimi sifatida ham alohida ahamiyat kasb etadi. Uning ilmiy faoliyati - hadislarni yig‘ish, tekshirish va saralash jarayoni - qat’iy metodologik asosga tayangan. Alloma har bir rivoyatni isnod (rivoyatchilar zanjiri) va matn jihatidan puxta tahlil qilgan, manbaning ishonchliligini aniqlashda qat’iy mezonlarga amal qilgan. Bu jarayon ilmiy aniqlik, dalillilik va tanqidiy tafakkurning yorqin namunasidir. Imom al-Buxoriyning hadislarni mavzular bo‘yicha tasniflash va ularni kitob hamda boblarga ajratishdagi yondashuvi tizimlilik va izchillik tamoyillarining amaliy ifodasi hisoblanadi. Ayniqsa, uning mashhur asari Al-Jome’ as-Sahih mantiqiy tuzilishi, mavzularning o‘zaro bog‘liqligi va ichki kompozitsiyasi bilan didaktik model sifatida baholanishi mumkin. Har bir bob sarlavhasi muayyan g‘oyani ilgari suradi, hadislar esa ushbu g‘oyani dalillar asosida mustahkamlaydi. Bu uslub o‘quv materialini modullashtirish va strukturaviy rejalashtirish tamoyillariga to‘la mos keladi. Bundan tashqari, allomaning ustoz-shogird munosabatlariga doir qarashlari pedagogik etikaga oid muhim xulosalar chiqarish imkonini beradi. Ilmga hurmat, kamtarlik, sabr-toqat, mas’uliyat va halollik kabi qadriyatlar uning ilmiy faoliyatida amaliy namoyon bo‘lgan. Bu tamoyillar bugungi ta’lim jarayonida akademik madaniyat va kasbiy mas’uliyatni shakllantirish uchun mustahkam axloqiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, Imom al-Buxoriyning hayoti va ilmiy izlanishlari uzluksiz ta’lim g‘oyasini tasdiqlaydi. Alloma ilm izlab uzoq safarlarga chiqqan, turli ulamolar bilan muloqot qilgan va doimiy ravishda o‘z bilimini boyitib borgan. Bu jihat zamonaviy “hayot davomida ta’lim” konsepsiyasi bilan bevosita uyg‘unlashadi. Demak, Imom al-Buxoriy merosi didaktik tamoyillarni nazariy jihatdan tushuntirish bilan cheklanmay, ularning amaliy namunasini ham beradi. Uning ilmiy-metodik yondashuvi zamonaviy pedagogik jarayonni takomillashtirish, ta’lim sifatini oshirish va shaxsni har tomonlama rivojlantirishda muhim metodologik manba bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Quyida mazkur tamoyillar pedagogik jihatdan yanada chuqur tahlil qilinadi va ularning Imom al-Buxoriy qarashlari bilan o‘zaro bog‘liqligi asoslab beriladi. Insonparvarlik tamoyili: Insonparvarlik tamoyili pedagogikaning asosiy tamoyillaridan biri bo‘lib, ta’lim jarayonida shaxsning qadr-qimmati, huquqi, sha’ni va individual xususiyatlarini e’tirof etishni nazarda tutadi. Ushbu tamoyilga ko‘ra, o‘quvchi ta’lim jarayonining passiv obyekti emas, balki faol subyekti sifatida qaraladi. Pedagog esa yo‘naltiruvchi va hamkor rolini bajarib, o‘quvchining ichki imkoniyatlarini yuzaga chiqarish, uning intellektual va ma’naviy salohiyatini rivojlantirish uchun qulay pedagogik muhit yaratadi. Insonparvarlik yondashuvi ta’limda mehr-muhabbat, hurmat, adolat va bag‘rikenglik muhitini shakllantirishni talab etadi. Bu tamoyil o‘quvchining erkin fikrlashi, o‘z nuqtai nazarini bildirish huquqi va shaxsiy rivojlanish sur’atini inobatga olishni ham o‘z ichiga oladi. Zamonaviy shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim modeli aynan mana shu g‘oyaga asoslanadi ya’ni har bir shaxs o‘ziga xos va betakror ekanligini tan olish. Imom al-Buxoriy hadislarida inson sha’ni, adolat, rahm-shafqat va bag‘rikenglik g‘oyalari markaziy o‘rin egallaydi. Alloma ilmni inson kamoloti va ma’naviy poklanish vositasi sifatida talqin etgan. Uning rivoyatlarni saralashdagi adolat mezoni, yolg‘on va nohaqlikka qat’iy munosabati inson qadrini himoya qilish tamoyiliga asoslangan.
“ACADEMIC SPECTRUM” ilmiy-metodik jurnal № 4/2026 ISSN:3093-9089 Imom al-Buxoriyning ustoz-shogird munosabatlariga doir qarashlarida hurmat, kamtarlik va o‘zaro ishonch ustuvor bo‘lgan. U ilm olish jarayonini axloqiy poklik va ma’naviy yetuklik bilan chambarchas bog‘lagan. Shogird ustozni hurmat qilishi, ustoz esa shogirdning qobiliyatini qo‘llabquvvatlashi zarurligi uning pedagogik ruhiyatida yaqqol namoyon bo‘ladi. Bu yondashuv zamonaviy insonparvar pedagogika bilan to‘liq uyg‘unlashadi. Zero, haqiqiy ta’lim faqat bilim berish emas, balki shaxsni qadrlash, uning ichki dunyosini boyitish va jamiyatda munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashish jarayonidir. Imom al-Buxoriy merosi aynan mana shu insonparvarlik g‘oyalarini mustahkamlaydi va pedagogik jarayonni ma’naviy-axloqiy asosda tashkil etish uchun muhim nazariy hamda amaliy tayanch bo‘lib xizmat qiladi. Tizimlilik va izchillik tamoyili: Tizimlilik tamoyili ta’lim jarayonida bilimlarni mantiqiy, o‘zaro bog‘langan va yaxlit tuzilma asosida berishni nazarda tutadi. Har qanday o‘quv materiali tasodifiy emas, balki ichki qonuniyat va ketma-ketlikka ega bo‘lishi zarur. Tizimli yondashuv o‘quvchida predmet yoki hodisa haqida kompleks tasavvur shakllantiradi, bilimlar orasidagi sababoqibat bog‘lanishlarini anglashga yordam beradi. Izchillik tamoyili esa bilimlarni bosqichma-bosqich, oddiydan murakkabga, ma’lumdan noma’lumga tamoyili asosida o‘zlashtirishni talab etadi. Bu jarayonda yangi bilim avvalgi o‘zlashtirilgan tushunchalarga tayangan holda shakllanadi. Natijada o‘quvchi bilimlarni mexanik tarzda emas, balki ongli va mustahkam ravishda egallaydi. Mazkur tamoyillar o‘quv jarayonida strukturaviy rejalashtirish, modullashtirish va mavzularni ichki mantiq asosida joylashtirishni talab qiladi. Aynan shunday ilmiy-metodik yondashuvni Imom al-Buxoriy faoliyatida kuzatish mumkin. Alloma hadislarni tasniflashda yuqori darajadagi tizimlilikni namoyon etgan. Uning mashhur asari “Al-Jome’ as-Sahih” kitob va boblarga ajratilgan bo‘lib, har bir bob ma’lum g‘oyani ochib berishga xizmat qiladi. Bob sarlavhalari mavzuning asosiy mazmunini ifodalaydi, hadislar esa ushbu g‘oyani dalillab, mazmuniy jihatdan boyitadi. Bu tuzilma ichki mantiqiy bog‘liqlik va mazmuniy yaxlitlikni ta’minlaydi. Imom al-Buxoriyning tasniflash usuli pedagogik tizimlilikning amaliy ko‘rinishi sifatida baholanishi mumkin. U hadislarni faqat to‘plab qo‘ymagan, balki ularni ma’lum g‘oyaviy va mantiqiy tartib asosida joylashtirgan. Bu yondashuv zamonaviy ta’limdagi modulli o‘qitish, mavzularni bosqichma-bosqich o‘zlashtirish va o‘quv dasturini strukturaviy tashkil etish tamoyillari bilan to‘liq uyg‘unlashadi. Shunday qilib, tizimlilik va izchillik tamoyillari Imom al-Buxoriy ilmiy merosida nazariy emas, balki amaliy asosga ega bo‘lgan metodologik model sifatida namoyon bo‘ladi. Bu yondashuv o‘quvchilarda mantiqiy tafakkur, tahliliy fikrlash va bilimlarni yaxlit holda qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Uzluksizlik tamoyili: Uzluksizlik tamoyili ta’lim jarayonining doimiy, izchil va bosqichmabosqich davom etishini anglatadi. Ushbu tamoyilga ko‘ra, shaxs rivoji bir martalik o‘qish bilan emas, balki butun hayot davomida bilim olish, tajriba orttirish va o‘z ustida ishlash orqali ta’minlanadi. Ta’lim jarayoni maktab yoki oliy ta’lim bosqichi bilan cheklanib qolmay, insonning kasbiy, ijtimoiy va ma’naviy kamolotini uzluksiz qo‘llab-quvvatlovchi tizimga aylanishi lozim. Pedagogik nuqtai nazardan, uzluksizlik bilimlarning bosqichma-bosqich chuqurlashib borishini, avvalgi o‘zlashtirilgan tushunchalarning keyingi bosqichlarda boyitilib, kengaytirilishini taqozo etadi. Bu jarayonda vorisiylik va ketma-ketlik muhim ahamiyat kasb etadi. Uzluksiz ta’lim shaxsning mustaqil o‘qish ko‘nikmasini shakllantiradi, o‘zini rivojlantirish ehtiyojini kuchaytiradi va uni hayotiy vaziyatlarga moslashuvchan qiladi. Imom al-Buxoriy hayoti va ilmiy faoliyati uzluksizlik tamoyilining yorqin amaliy namunasidir. Alloma yoshligidan boshlab ilm izlash yo‘liga kirgan va umrining oxirigacha bu yo‘ldan chekinmagan. U hadis ilmini chuqur o‘rganish maqsadida ko‘plab mamlakatlarga safar qilgan, turli ulamolar bilan ilmiy muloqot olib borgan hamda minglab rivoyatlarni tekshirgan. Bu jarayon uzluksiz izlanish, doimiy o‘qish va o‘zini takomillashtirishga asoslangan edi. Imom al-Buxoriy ilmni bir bosqichda egallanadigan hodisa emas, balki doimiy ravishda mukammallashib boradigan jarayon sifatida talqin qilgan. U har bir rivoyatni qayta-qayta tekshirib,
“ACADEMIC SPECTRUM” ilmiy-metodik jurnal № 4/2026 ISSN:3093-9089 mukammal natijaga erishmaguncha izlanishni davom ettirgan. Bu yondashuv zamonaviy “hayot davomida ta’lim” (lifelong learning) konsepsiyasi bilan to‘la uyg‘unlashadi. Shunday qilib, uzluksizlik tamoyili Imom al-Buxoriy ilmiy merosida nafaqat nazariy g‘oya, balki amaliy hayotiy tamoyil sifatida namoyon bo‘ladi. Uning ilmga sadoqati va tinimsiz izlanishlari zamonaviy ta’lim jarayonida o‘quvchilarda doimiy o‘rganish ehtiyoji, o‘z ustida ishlash madaniyati va kasbiy hamda ma’naviy rivojlanishga intilish fazilatlarini shakllantirishda muhim metodologik asos bo‘lib xizmat qiladi. Mustaqillik va faollik tamoyili: Mustaqillik va faollik tamoyili ta’lim jarayonida o‘quvchining bilimni tayyor holda qabul qiluvchi emas, balki uni mustaqil izlanish, tahlil va amaliy faoliyat orqali egallovchi subyekt sifatida shakllanishini nazarda tutadi. Mazkur tamoyilga ko‘ra, haqiqiy bilim o‘quvchining ichki intellektual faolligi, savol berishi, muammoga yechim izlashi va xulosa chiqarishi jarayonida yuzaga keladi. Faollik bilimni chuqur o‘zlashtirishning asosiy sharti bo‘lib, u tafakkur, kuzatuvchanlik va ijodiy yondashuvni rivojlantiradi. Pedagogik nuqtai nazardan, mustaqillik o‘quvchining o‘z fikriga ega bo‘lishi, dalillarga tayangan holda qaror qabul qilishi va o‘z faoliyatini tahlil qila olishini anglatadi. Faollik esa ta’lim jarayonida ongli ishtirok, savol-javob, muhokama va izlanish orqali namoyon bo‘ladi. Bu tamoyil o‘qituvchidan yo‘naltiruvchi, maslahat beruvchi va sharoit yaratuvchi rolini bajarishni talab qiladi. Imom al-Buxoriy ilmiy faoliyatida mazkur tamoyilning yorqin ifodasi kuzatiladi. Alloma hadislarni tanlashda mustaqil ilmiy xulosaga kelgan, har bir rivoyatni isnod va matn jihatidan chuqur tekshirgan hamda tanqidiy baholagan. U boshqa olimlarning fikrini hurmat qilgan holda, yakuniy qarorni o‘zining ilmiy tahliliga asoslagan. Bu jarayon mustaqil tafakkur, ilmiy jasorat va yuqori darajadagi intellektual faollikning namunasidir. Imom al-Buxoriyning metodologiyasi o‘quvchilarda tanqidiy fikrlash, dalillilik va mustaqil qaror qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantirish uchun muhim pedagogik model bo‘la oladi. Zamonaviy pedagogikada bu yondashuv interfaol metodlar — munozara, keys-stadi, muammoli ta’lim, loyiha ishlari va tadqiqot faoliyati orqali amalga oshiriladi. Shunday qilib, mustaqillik va faollik tamoyili Imom al-Buxoriy ilmiy merosida nazariy tamoyil emas, balki amaliy ilmiy faoliyat mezoni sifatida namoyon bo‘ladi. Bu yondashuv zamonaviy ta’lim jarayonida o‘quvchilarning mustaqil fikrlovchi, faol va mas’uliyatli shaxs sifatida shakllanishiga xizmat qiladi. Ko‘rgazmalilik tamoyili: Ko‘rgazmalilik tamoyili ta’lim jarayonida bilimlarni aniq misollar, dalillar, obrazlar va hayotiy voqealar orqali tushuntirishni nazarda tutadi. Ushbu tamoyilga ko‘ra, abstrakt tushunchalar konkret tasvir va misollar bilan boyitilganda o‘quvchi ularni osonroq anglaydi va mustahkamroq o‘zlashtiradi. Ko‘rgazmalilik nafaqat vizual vositalar (rasm, jadval, sxema) bilan cheklanadi, balki mazmuniy aniqlik, hayotiylik va dalillilikni ham o‘z ichiga oladi. Pedagogik jihatdan ko‘rgazmalilik o‘quvchining sezgi organlari orqali idrok etish faoliyatini kuchaytiradi, tasavvurini boyitadi va mantiqiy tafakkurini rivojlantiradi. Ayniqsa, axloqiy va ijtimoiy masalalarni tushuntirishda real hayotiy misollar katta ahamiyat kasb etadi. Chunki shaxs konkret vaziyat orqali umumiy xulosaga keladi. Imom al-Buxoriy merosida ushbu tamoyilning yorqin ifodasi kuzatiladi. Uning mashhur asari “Al-Jome’ as-Sahih” da keltirilgan hadislar mazmunan ixcham, ma’nodoran chuqur va hayotiy voqealarga boydir. Hadislar orqali axloqiy, ijtimoiy va huquqiy masalalar aniq misollar asosida yoritiladi. Masalan, sabr, halollik, adolat yoki mehr-oqibat kabi fazilatlar real voqealar va insoniy munosabatlar orqali tushuntiriladi. Bunday yondashuv o‘quvchiga nazariy tushunchalarni hayot bilan bog‘lash imkonini beradi. Hadislar o‘z mohiyatiga ko‘ra ibratli voqealar va muloqot shaklida bayon qilinganligi sababli, ular o‘quv jarayonida ko‘rgazmali didaktik material sifatida samarali qo‘llanishi mumkin. Shunday qilib, ko‘rgazmalilik tamoyili Imom al-Buxoriy merosida mazmuniy va metodik jihatdan mujassam bo‘lib, ta’lim jarayonida abstrakt g‘oyalarni aniq hayotiy dalillar orqali tushuntirishda muhim pedagogik manba vazifasini bajaradi. Nazariya va amaliyot birligi tamoyili: Nazariya va amaliyot birligi tamoyili ta’lim jarayonining eng muhim metodologik asoslaridan biri bo‘lib, u nazariy bilimlar bilan amaliy faoliyat
“ACADEMIC SPECTRUM” ilmiy-metodik jurnal № 4/2026 ISSN:3093-9089 o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ta’minlashni nazarda tutadi. Ushbu tamoyilga ko‘ra, bilim faqat nazariy tushuncha darajasida qolib ketmasligi, balki real hayotda qo‘llanilishi, amaliy tajriba bilan mustahkamlanishi zarur. Nazariya amaliyot bilan sinovdan o‘tgandagina o‘zining haqiqiy qiymatini namoyon etadi. Pedagogik jihatdan bu tamoyil o‘quvchilarda o‘zlashtirilgan bilimni hayotiy vaziyatlarga tatbiq eta olish, muammolarni hal qilishda qo‘llash va amaliy xulosa chiqarish ko‘nikmasini shakllantirishni talab qiladi. Ta’lim jarayonida nazariy ma’lumotlar misollar, mashqlar, muammoli vaziyatlar va real tajriba bilan boyitilishi zarur. Shunda bilim abstrakt tushuncha emas, balki faoliyat vositasiga aylanadi. Imom al-Buxoriy ilmiy merosida mazkur tamoyil aniq ifodasini topgan. Uning mashhur asari “Al-Jome’ as-Sahih” va “Al-adab al-mufrad” asarlaridagi hadislarni faqat nazariy-ilmiy manba sifatida emas, balki kundalik hayot uchun amaliy qo‘llanma sifatida talqin qiladi. Asarda axloqiy, ijtimoiy va huquqiy qoidalar real hayotiy vaziyatlar, insonlar o‘rtasidagi munosabatlar va konkret voqealar orqali bayon etiladi. Imom al-Buxoriy hadislarni tanlash va joylashtirish jarayonida ularning amaliy ahamiyatini ham inobatga olgan. Masalan, savdo-sotiq, adolat, halollik, oila munosabatlari kabi masalalarga oid hadislar insonning kundalik hayotidagi faoliyatini tartibga solishga xizmat qiladi. Bu esa nazariy bilimning amaliy faoliyat bilan uzviy bog‘liqligini ko‘rsatadi. Shunday qilib, nazariya va amaliyot birligi tamoyili Imom al-Buxoriy merosida chuqur mujassam bo‘lib, u ta’lim jarayonini hayot bilan bog‘lash, bilimni amaliy mazmun bilan boyitish va shaxsni real faoliyatga tayyorlashda muhim pedagogik asos bo‘lib xizmat qiladi. Xulosa: Insonparvarlik, tizimlilik va izchillik, uzluksizlik, mustaqillik va faollik, ko‘rgazmalilik hamda nazariya va amaliyot birligi tamoyillari pedagogik jarayonning nazariy va metodologik poydevorini tashkil etadi. Ushbu tamoyillar ta’lim mazmunini ilmiy asosda tashkil etish, o‘quvchini faol subyekt sifatida shakllantirish va bilimni hayot bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi. Ular o‘zaro bog‘liq holda qo‘llanilgandagina ta’lim jarayoni samarali, tizimli va ma’naviy jihatdan boy bo‘ladi. Allomaning hadislarni saralashdagi ilmiy aniqligi tizimlilik va izchillikni, umr bo‘yi ilm izlashga sadoqati uzluksizlikni, mustaqil xulosaga kelish va tanqidiy yondashuvi esa mustaqillik va faollikni ifodalaydi. Hadislarning hayotiy voqealar asosida bayon etilishi ko‘rgazmalilikni, ularning kundalik turmush bilan bog‘liqligi esa nazariya va amaliyot birligini ta’minlaydi. Allomaning ilmiy aniqlik, axloqiy yuksaklik va mustaqil tafakkurga asoslangan qarashlari zamonaviy ta’lim tizimining maqsad va vazifalari bilan uyg‘unlashadi. Uning metodologiyasi nafaqat bilim berish, balki shaxsni intellektual, axloqiy va ijtimoiy jihatdan har tomonlama kamol toptirishga xizmat qiluvchi samarali pedagogik model sifatida baholanishi mumkin. Shu bois Imom al-Buxoriy merosi bugungi ta’lim jarayonini boyituvchi muhim nazariy va amaliy manba hisoblanadi