Logo Academic Spectrum

Til tanlash

UZ EN RU
Ro'yxatdan o'tish Kirish
Research Article / Ilmiy maqola
O'zbekcha

JADID MUNAVVARLAR FAOLIYATIDA VATANPARVARLIK TARBIYASINING PEDAGOGIK MOHIYATI

2-Son (2026-yil, Fevral)
99 103
8 Ko'rishlar
Nashr etildi: Fev 20, 2026

Annotatsiya va maqola mazmuni

Anotatsiya (UZ):

Mazkur maqolada jadid munavvarlar faoliyatida vatanparvarlik tarbiyasining shakllanishi, uning pedagogik mohiyati va ma’rifiy islohotlar jarayonidagi o‘rni tahlil qilinadi. Jadidchilik harakati namoyandalari – Fitrat, Ayni, Behbudiy, Avloniy kabi ziyolilarning pedagogik qarashlari orqali milliy uyg‘onish g‘oyalari, yosh avlodni vatan ravnaqi, milliy birligi va ma’rifat ruhida tarbiyalash tamoyillari yoritiladi. Shuningdek, Buxoro jadidlarining maktab islohotlari, o‘quv dasturlari, darsliklari va matbuot orqali amalga oshirgan vatanparvarlik targ‘iboti ilmiy-nazariy jihatdan asoslanadi. Tadqiqot davomida jadidlar faoliyatida vatanparvarlik tarbiyasining asosiy pedagogik funksiyalari – milliy ongni shakllantirish, ma’rifatparvarlik ruhini kuchaytirish, mustaqil fikrni rivojlantirish, jamiyat taraqqiyotiga mas’uliyat bilan yondashishni o‘rgatish kabi yo‘nalishlar ochib beriladi. Maqola zamonaviy ta’lim jarayonida jadid merosidan foydalanish imkoniyatlarini ham ko‘rsatib beradi.
Kalit so'z (UZ): jadidchilik, jadid munavvarlar, vatanparvarlik tarbiyasi, pedagogik meros, milliy uyg‘onish, ma’rifatchilik, Buxoro jadidlari, Fitrat, Ayni, ta’lim islohotlari, milliy ong, tarbiyaviy tamoyillar, jadid maktablari, milliy qadriyatlar, ma’naviy tarbiya

Аннотация (RUS):

В дaннoй cтaтьe aнaлизиpyютcя фopмиpoвaниe пaтpиoтичeckoгo вocпитaния в дeятeльнocти джaдидoв-пpocвeтитeлeй, eгo пeдaгoгичeckaя cyщнocть и poль в пpoцecce oбpaзoвaтeльныx peфopм. Ha ocнoвe пeдaгoгичeckиx взглядoв пpeдcтaвитeлeй джaдидckoгo движeния — Фитpaтa, Aйни, Бexбyди, Aвлoни и дpyгиx пpocвeтитeлeй — packpывaютcя идeи нaциoнaльнoгo вoзpoждeния, пpинципы вocпитaния мoлoдoгo пokoлeния в дyxe любви k Poдинe, нaциoнaльнoгo eдинcтвa и пpocвeщeния. Kpoмe тoгo, нayчнoтeopeтичeckи oбocнoвaнo пaтpиoтичeckoe вocпитaниe, ocyщecтвляeмoe бyxapckими джaдидaми чepeз шkoльныe peфopмы, yчeбныe пpoгpaммы, yчeбниkи и пpeccy. В xoдe иccлeдoвaния packpывaютcя ocнoвныe пeдaгoгичeckиe фyнkции пaтpиoтичeckoгo вocпитaния в дeятeльнocти джaдидoв, тakиe kak фopмиpoвaниe нaциoнaльнoгo coзнaния, ykpeплeниe пpocвeтитeльckoгo дyxa, paзвитиe caмocтoятeльнoгo мышлeния и вocпитaниe oтвeтcтвeннocти зa paзвитиe oбщecтвa. В cтaтьe тakжe paccмaтpивaютcя вoзмoжнocти иcпoльзoвaния нacлeдия джaдидoв в coвpeмeннoм oбpaзoвaтeльнoм пpoцecce.
Ключевые слова (RUS): джaдидизм, джaдидckиe пpocвeтитeли, пaтpиoтичeckoe вocпитaниe, пeдaгoгичeckoe нacлeдиe, нaциoнaльнoe вoзpoждeниe, пpocвeтитeльcтвo, бyxapckиe джaдиды, Фитpaт, Aйни, oбpaзoвaтeльныe peфopмы, нaциoнaльнoe coзнaниe, вocпитaтeльныe пpинципы, джaдидckиe шkoлы, нaциoнaльныe цeннocти, дyxoвнoe вocпитaниe

Abstract (EN):

This article analyzes the formation of patriotic education in the activities of Jadid intellectuals, its pedagogical essence, and its role in the process of educational reforms. Through the pedagogical views of prominent Jadid figures such as Fitrat, Ainiy, Behbudiy, and Avloniy, the study highlights the ideas of national awakening and the principles of educating the younger generation in the spirit of patriotism, national unity, and enlightenment. The article also provides a scientifictheoretical foundation for the patriotic propaganda carried out by Bukhara Jadids through school reforms, curricula, textbooks, and the press. The main pedagogical functions of patriotic education in Jadid activities—developing national consciousness, strengthening the spirit of enlightenment, fostering independent thinking, and cultivating social responsibility—are revealed. The article further demonstrates the potential of utilizing the Jadid heritage in modern educational practices.
Keywords (EN): Patriotism education, Jadid movement, Jadid intellectuals, pedagogical heritage, national awakening, enlightenment, Bukhara Jadids, Fitrat, Ainiy, educational reforms, national consciousness, educational principles, Jadid schools, national values, moral education

Maqola Mazmuni

Kirish. Jadid munavvarlar faoliyatida vatanparvarlik tarbiyasi masalasi bugungi pedagogik tadqiqotlar uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lgan mavzulardan biridir. Chunki XX asr boshlarida Markaziy Osiyo, xususan, Buxoro amirligi hududida yuzaga kelgan jadidchilik harakati nafaqat siyosiy-ijtimoiy o‘zgarishlar, balki ma’rifiy va pedagogik islohotlar asosida shakllangan milliy uyg‘onish jarayonining muhim bosqichi bo‘lib xizmat qilgan. Jadidlarning faoliyati, ularning millat ravnaqi, jamiyatni modernizatsiya qilish, zamonaviy dunyoqarashga ega avlodni tarbiyalash borasidagi qarashlari hamda bu maqsadni amalga oshirishda vatanparvarlik g‘oyasiga tayanishi bugungi o‘zbek pedagogika fani uchun ham nazariy, ham amaliy jihatdan katta ilmiy ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, Fitrat, Ayni, Behbudiy, Avloniy kabi Buxoro va Turkiston jadidlarining ta’lim tizimini yangilash borasidagi tashabbuslari, yangi usul maktablarini tashkil etish, darsliklar yaratish, milliy ongni uyg‘otishga qaratilgan asarlarini o‘rganish yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalashdagi serqirra tajribalarni anglash imkonini beradi. Ular ilgari surgan ta’limiy g‘oyalar, xususan, ma’rifat, milliy o‘zlik, yurt ravnaqi, vatanparvarlik va fuqarolik mas’uliyati kabi tamoyillar o‘z davri uchun ilg‘or bo‘lishi bilan birga, bugungi ta’lim tizimi uchun ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. Jadidchilik harakatining shakllanishiga olib kelgan tarixiy omillar, jumladan, Buxoro amirligi ijtimoiy-siyosiy hayotidagi inqiroziy holatlar, diniy ta’limning eskirgan tizimi, iqtisodiy tanazzul hamda dunyoda kechayotgan modernizatsiya jarayonlari munavvar ziyolilarni yangi pedagogik yondashuvlarni izlashga undagan. Shunday sharoitda jadidlar ta’limni yangilashni millatni uyg‘otishning eng ta’sirchan vositasi deb bildilar. Ularning fikricha, millatning taraqqiyoti uchun avvalo ilmli, dunyoqarashi keng, zamonaviy madaniyat va yurt ravnaqiga mas’uliyat bilan yondasha oladigan avlodni tarbiyalash zarur edi. Shu bois ular pedagogik faoliyatni ma’rifatparvarlik harakatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rib, dars jarayoniga dunyoviy fanlarni kiritish, o‘quv dasturlarini zamon talablari asosida boyitish, o‘qitish metodlarini takomillashtirish, eng muhimi, ta’lim jarayonida vatanparvarlik ruhini singdirish g‘oyasini ilgari surdilar. Jadidlar nazarida vatanparvarlik faqat shior darajasidagi targ‘ibot emas, balki jamiyatning ma’naviy yangilanishiga xizmat qiluvchi muhim tarbiyaviy tamoyil bo‘lib, yoshlarning tafakkurini o‘zgartiruvchi, ularda milliy o‘zlikni mustahkamlovchi negiz sifatida qaraldi. Fitrat “O‘qituvchi” asarida, Avloniy “Turkiy guliston yoxud axloq” kitobida, Behbudiy o‘z darslik va maqolalarida yosh avlod tarbiyasida vatan ravnaqi uchun xizmat qilish g‘oyasini bosh maqsad sifatida ko‘rsatgan. Ayniqsa, Buxoro jadidlarining faoliyati bu borada alohida o‘rin tutadi. Chunki Buxoro amirligi hududida ta’lim tizimidagi inqiroz chuqur ildiz otgan bo‘lib, jadidlarning ma’rifiy islohotlari ana shu turg‘unlikni bartaraf etish, yurtni taraqqiyotga olib chiqish va milliy mustaqillik g‘oyalarini shakllantirishga qaratilgan edi. Shuning uchun Buxoro jadidlarining pedagogik merosi nafaqat mahalliy tarixiy jarayon, balki butun O‘zbekiston ma’rifatparvarlik tarixining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Tadqiqot mavzusining dolzarbligi yana shundaki, zamonaviy ta’lim tizimida vatanparvarlik tarbiyasi ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanib, yosh avlodni ona yurtga sodiq, ma’naviy yetuk, intellektual salohiyatli shaxs sifatida kamol toptirish davlat siyosatining muhim tarkibiy qismiga aylangan. Jadidlar merosini qayta o‘rganish bu jarayonda samarali metodik yechimlar, pedagogik yondashuvlar va tarixiy tajribalarni amaliyotga tatbiq etish imkonini yaratadi. Bugungi yoshlar ongida milliy g‘urur, vatanparvarlik, mas’uliyat, bag‘rikenglik va ma’rifatparvarlik ruhini mustahkamlash jarayoni jadid munavvarlar ilgari surgan pedagogik qarashlar bilan uyg‘unlashadi. Ularning faoliyati millatning mustaqillikka erishish yo‘lidagi ma’naviy poydevor bo‘lganligi bois zamonaviy pedagogika bunyodida ham muhim o‘rinni egallaydi[2]. Shu sababli mazkur tadqiqot jadid munavvarlar faoliyatida vatanparvarlik tarbiyasining pedagogik mohiyatini ochib berish, uning shakllanishiga sabab bo‘lgan omillarni tahlil qilish, Buxoro jadidlarining ma’rifiy islohotlari asosidagi tarbiyaviy g‘oyalarni ilmiy-nazariy jihatdan asoslashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Tadqiqot natijalari nafaqat tarixiy-pedagogik jarayonlarni yoritish, balki bugungi ta’lim tizimi uchun ham metodologik ahamiyatga ega bo‘lib, milliy g‘oya va vatanparvarlik tarbiyasini kuchaytirish bo‘yicha samarali tavsiyalar berishga xizmat qiladi. Muammoning o‘rganilganlik darajasi. Jadid munavvarlar faoliyatida vatanparvarlik tarbiyasining pedagogik mohiyati masalasi O‘zbekiston tarixshunosligi, pedagogikasi va ma’naviyatshunosligi fanlarida muhim ilmiy yo‘nalishlardan biri sanaladi. Ushbu mavzuning o‘rganilganlik darajasini tahlil qilib borar ekanmiz, eng avvalo jadidchilik harakati, uning ma’rifiy va pedagogik tamoyillari, ayniqsa Fitrat, Ayni, Avloniy, Behbudiy kabi ziyolilarning ilmiy merosi turli davrlarda ko‘plab tadqiqotchilar tomonidan o‘rganilganini ko‘ramiz. Ammo vatanparvarlik tarbiyasi aynan jadid munavvarlar faoliyati misolida kompleks pedagogik konsepsiya sifatida yoritilgan ilmiy tadqiqotlar unchalik ko‘p emas. Shuning uchun ham mavzu bugungi kunda dolzarb bo‘lib, zamonaviy ta’lim jarayoni uchun katta nazariy va amaliy ahamiyat kasb etadi[1]. Jadidchilikning umumiy tarixiy jarayon sifatida tadqiqi XX asrning o‘rtalaridan boshlab avvalo tarixchilar tomonidan olib borilgan. Masalan, B. Ahmedov, R. Rajabov, A. Rasulov kabi tarixchilar jadidchilik harakatining shakllanish omillari, maqsadlari va O‘rta Osiyo jamiyatidagi o‘rnini chuqur o‘rganganlar. Ularning asarlarida jadidlarning siyosiy-ma’rifiy faoliyati, maktab islohotlari, ijtimoiy qarashlari tizimli tahlil qilinadi, ammo pedagogik vatanparvarlik masalasi alohida ilmiy toifa sifatida ko‘tarilmaydi. Jadidchilikning madaniy-ma’rifiy negizlariga bag‘ishlangan tadqiqotlarda ham vatanparvarlik tarbiyasining pedagogik mexanizmlari to‘liq yoritilmagan bo‘lib, ko‘proq milliy uyg‘onishning umumiy g‘oyaviy mazmuni bilan chegaralanadi[3]. Mazkur muammoni o‘rgangan tadqiqotchilar orasida Abdurauf Fitrat merosini ilmiy tahlil qilgan N. Karayev, A. Abdug‘afurov, F. Karimov kabi olimlar alohida o‘rin tutadi. Fitratning pedagogik qarashlari bo‘yicha yaratilgan tadqiqotlarda uning ta’limiy merosi, maktab islohotlari bo‘yicha qarashlari, yoshlarni vatan ravnaqi yo‘lida tarbiyalashga oid fikrlari yoritilgan. Fitratning “Munozara”, “Oila”, “Muallimlar uchun” kabi asarlarida vatanparvarlik tarbiyasi bilan bog‘liq ko‘plab pedagogik fikrlar mavjud. Biroq tadqiqotlar asosan Fitratning umumiy pedagogik qarashlarini bayon etadi, uning vatanparvarlik tarbiyasini shakllantirishga qo‘shgan metodik hissasini chuqur tahlil qilmaydi[4]. Jadidchilik merosini o‘rganishda Sadriddin Ayni faoliyati ham ko‘plab olimlar e’tiborida bo‘lgan. Jumladan, M. Juraev, T. Karimov, H. Nazarov tomonidan Ayni asarlari, uning ma’rifatparvarlik ruhidagi g‘oyalari, Buxoro amirligidagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat tasviri keng o‘rganilgan. Aynining “Maktab”, “Tarixi inqilobi Buxoro”, “Qullar”, “Esdaliklar” kabi asarlarida milliy ruhiy uyg‘onish, vatan ravnaqi, xalq maorifi uchun kurash asosiy g‘oyaviy yo‘nalish hisoblanadi. Shunga qaramay, Ayni pedagogikasidagi vatanparvarlik tarbiyasining nazariy modeli yoki uning yosh avlod tarbiyasiga ta’sir mexanizmlari haqida maxsus ilmiy ishlanmalar yetarli emas[5]. Behbudiy ijodi bo‘yicha ham A. Qodirov, O. Sharafiddinov, A. Rasulov kabi olimlar tadqiqotlar olib borganlar. Behbudiyning “Padarkush”, “Risolai jadida”, “Kitobat ul-avval” kabi asarlari jadid maktablarining o‘quv-metodik negiziga asos bo‘lgan bo‘lsa-da, ular orqali vatanparvarlik tarbiyasi qanday shakllanganligi bo‘yicha kompleks tahlil kam uchraydi. Behbudiy asarlarida millatning taqdiri, jamiyatning taraqqiyoti, ilmning kuchi asosiy g‘oya sifatida namoyon bo‘lsa-da, ilmiy manbalarda uning pedagogik merosining vatanparvarlikka oid jihatlari chuqur o‘rganilmagan[6]. Jadid adabiy merosini o‘rgangan adabiyotshunos olimlar, masalan, Sh. Turdimov, N. Komilov, A. Hayitmetovlar o‘z izlanishlarida jadid adabiyotining milliy-ma’naviy uyg‘onishdagi rolini tahlil qiladilar. Ularning ishlari asosan adabiyot va madaniyat tarixiga qaratilgan bo‘lib, bunda vatanparvarlik tarbiyasining pedagogik mexanizmlari chekka o‘rinda qoladi. Jadid merosi pedagogik nuqtai nazardan o‘rganilganda esa vatanparvarlik tarbiyasining metodik asoslari, ta’lim jarayonidagi ifodalanishi, o‘qituvchi shaxsining rolini yoritish bo‘yicha ilmiy izlanishlar yetarlicha keng emas. Zamonaviy pedagog olimlar, jumladan O‘zbekistonning mustaqillik yillarida faoliyat yuritgan A. Qodirov, B. Hasanboyev, N. Toshpo‘latova, R. Jo‘rayev kabi tadqiqotchilar milliy tarbiya, vatanparvarlik tarbiyasi, milliy g‘oya masalalarini sistematik o‘rganganlar. Ularning izlanishlarida jadidlar merosi ta’lim va tarbiya jarayonida qo‘llanishi mumkin bo‘lgan asosiy manbalardan biri sifatida tilga olinadi. Ammo ushbu olimlar asosan umumiy pedagogik tizimni o‘rganadilar, jadid munavvarlar faoliyatidagi vatanparvarlik tarbiyasining alohida konseptual modeli haqida kam yozadilar[7]. Jadid merosiga oid xorijiy tadqiqotlar ham muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Jumladan, turkiyalik olimlar – I. O‘ztürk, A. Toktar, E. Sarikaya; rus tadqiqotchilari – V. Nalivkin, L. Sobolev, A. Bennigsen; g‘arb tadqiqotchilari – E. Olvort, A. Khalid, Z. Validiylar asarlarida O‘rta Osiyodagi jadidchilik harakati, milliy uyg‘onish jarayoni, siyosiy-ma’rifiy yangilanishlar haqida qimmatli ma’lumotlar uchraydi. Biroq bu asarlar tarixiy jarayonlarni yoritish bilan chegaralanadi, pedagogik jarayonlar yoki vatanparvarlik tarbiyasining ilmiy asoslari batafsil ko‘rsatib berilmaydi. Shu bilan birga, ayrim zamonaviy tadqiqotlarda jadid merosining ta’lim tizimidagi o‘rni qisman ochib berilgan. Masalan, M. Abdullayev, D. Hudayberganov, A. Xasanovlarning ishlarida milliy tarbiyaning shakllanishi, jadid maktablarining metodikasi, o‘quv dasturlaridagi yangiliklar tahlil qilinadi. Ammo bu tadqiqotlar ham jadidlarning vatanparvarlikni pedagogik jarayonga singdirish usullarini alohida ilmiy kategoriyalar sifatida baholamaydi[8]. Qisqa qilib aytganda, muammoning o‘rganilganlik darajasi quyidagicha xulosalanadi: jadidchilik harakati keng yoritilgan, jadid ziyolilarning merosi yuzlab ilmiy manbalarda o‘rganilgan, ammo vatanparvarlik tarbiyasining aynan pedagogik konsepsiyasi, uning metodik negizlari, jadid maktablaridagi ta’limiy jarayon orqali qanday shakllanganligi yetarlicha ilmiy asoslanmagan. Ayni paytda mazkur mavzu bo‘yicha monografik tadqiqotlar, maxsus pedagogik modellar, jadid merosini zamonaviy ta’lim bilan integratsiya qilishga oid ilmiy yondashuvlar hali to‘liq ishlab chiqilmagan. Shu sababli, ushbu yo‘nalish bo‘yicha tadqiqotlar davom ettirilishi, jadidlarning vatanparvarlik tarbiyasiga doir qarashlarini pedagogika fanining mustaqil obyekti sifatida o‘rganish dolzarb bo‘lib qolmoqda. Natija va tahlil. Jadid munavvarlarining pedagogik faoliyatini vatanparvarlik tarbiyasi nuqtayi nazaridan o‘rganish natijasi shuni ko‘rsatadiki, XX asr boshlarida shakllangan jadidchilik harakati nafaqat yangicha ta’lim tizimini yaratish, balki milliy ong va vatanparvarlikni tiklashga qaratilgan keng ko‘lamli ma’naviy strategiyani ishlab chiqqan edi. Ularning faoliyatida ta’lim islohoti, milliy o‘zlikni anglash, yoshlarni yurt ravnaqiga daxldorlik ruhida tarbiyalash, jamiyatni ma’rifatga chorlash asosiy vazifa sifatida shakllangan. O‘rganilgan manbalar va ilmiy adabiyotlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, jadid pedagogik merosining markazida vatanparvarlik tarbiyasi yotadi va bu jarayon o‘quv dasturlari, maktablar, matbuot, darsliklar, sahna asarlari hamda ijtimoiy-ma’rifiy chiqishlar orqali tizimli ravishda amalga oshirilgan. Fitrat, Avloniy, Behbudiy, Ayni kabi jadidlar faoliyatida vatanparvarlikning pedagogik mohiyati eng avvalo insonni o‘z xalqi uchun mas’ul, ziyoli va faol shaxs sifatida tarbiyalashda namoyon bo‘ladi. Fitratning “O‘zbek yoshlariga maktub”i, Avloniyning “Turkiy guliston yoxud axloq” asari, Ayniy asarlaridagi ijtimoiy-g‘oyaviy ruh, Behbudiyning maktab islohoti haqidagi g‘oyalari barchasi yoshlar ongida milliy mas’uliyatni shakllantirishga qaratilgan bo‘lib, tadqiqot jarayonida ularning pedagogik qarashlari o‘zaro uzviylik va metodik uyg‘unlikka ega ekani aniqlandi. Jadidlarning matbuot orqali olib borgan targ‘iboti ham alohida tahlil qilindi. Gazeta va jurnallarning asosiy mavzulari – savodsizlikka qarshi kurash, ilm-fan targ‘iboti, milliy uyg‘onish, xalqni dunyoqarashini kengaytirish, ayniqsa milliy manfaatlarni himoya qilishga da’vat etuvchi materiallar bilan boy bo‘lgan. Bu jarayon yosh avlod ongida vatan va xalq uchun mas’uliyat tuyg‘usini shakllantirishga xizmat qilgan. Mualliflar til, tarix, madaniyatning qadriyat sifatida tiklanishini milliy ravnaqning garovi deb bilganlar. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, jadidlar o‘z faoliyatida vatanparvarlikni shior sifatida emas, balki ta’lim-tarbiyaning asosiy mazmuni sifatida ilgari surgan. Buxoro hududiga doir olingan tarixiy-ma’rifiy ma’lumotlar esa jadidchilikning aynan shu hududda yanada faol rivojlanganini ko‘rsatadi. Fitratning Buxoro amirligiga islohotlar taklif etishi, Ayniyning eski tartiblar tanqidi, Buxoro jadid maktablarining soni ortib borishi, mahalliy ziyolilar tomonidan yangi o‘quv dasturlarining yaratilishi – bularning barchasi jadidlar vatan ravnaqiga bevosita daxldor bo‘lganini isbotlaydi. Tahlillar davomida Buxoro jadidlarining ijtimoiy-ma’rifiy faoliyati vatanparvarlik tarbiyasining to‘rtta asosiy yo‘nalishini shakllantirgani aniqlandi: milliy o‘zlikni anglash, ma’rifat orqali taraqqiyotga erishish, jamiyatni yangilash, yosh avlodni mas’uliyatli shaxs sifatida shakllantirish. Olingan ilmiy natijalar asosida jadidlar pedagogik qarashlarining zamonaviy ta’lim jarayoniga mos keladigan jihatlari ham aniqlab chiqildi. Hozirgi ta’lim tizimida kompetensiyaviy yondashuv, milliy g‘oya va ma’naviy qadriyatlar, fuqarolik mas’uliyati kabi tushunchalar jadidlar ilgari surgan tamoyillar bilan bevosita uyg‘unlashadi. Jadidlarning milliy uyg‘otish, mustaqil fikrlashni shakllantirish, yoshlar ongida vatan manfaatini anglashga yo‘naltirilgan metodik yondashuvlari bugungi ta’lim tizimida ham dolzarbligini saqlab qolgan. Shu sababli tadqiqot natijalari zamonaviy maktab, kollej va oliy ta’lim jarayonida pedagogik amaliyot sifatida qo‘llanishi mumkin bo‘lgan metodik takliflar ishlab chiqishga asos bo‘la oladi. Quyida jadidlar faoliyatida vatanparvarlik tarbiyasi ifodasining asosiy yo‘nalishlari umumlashtirilgan holda jadvalda ko‘rsatiladi: Jadidlar faoliyatida vatanparvarlik tarbiyasining asosiy yo‘nalishlari Yo‘nalish Mazmuni Asosiy namoyandalar Tadqiqotda aniqlangan pedagogik ahamiyati O‘quvchilarning milliy Milliy ongni shakllantirish Til, tarix, madaniyatni tiklash g‘oyalari Fitrat, Ayni o‘zligini anglashini kuchaytiradi Yangi maktab, yangi Ilm-fanni qadrlash va Ma’rifat orqali Avloniy, Behbudiy darslik, yangicha taraqqiyotga intilish motivatsiyasini oshiradi taraqqiyot dunyoqarash Jamiyat uchun xizmat qilish, taraqqiyotga daxldorlik Fuqarolik mas’uliyati Fitrat, Munavvar Vatanga foydali bo‘lish g‘oyasini shakllantiradi qori Tanqidiy fikr, zamonaviy tafakkur, O‘quvchilarda ijodkorlik va yangilik yaratish qobiliyatini Mustaqil Jadid ziyolilari fikrlash rivojlantiradi Yakuniy tahlil shuni ko‘rsatadiki, jadid munavvarlarining pedagogik qarashlari va ma’rifiy faoliyati vatanparvarlik tarbiyasining boy metodologik asosini yaratgan. Ular millatni ilm, tafakkur, madaniyat orqali uyg‘otish, yosh avlodni yurt ravnaqiga daxldor qilib tarbiyalash, jamiyatni yangilash kabi maqsadlar orqali zamonaviy pedagogikaning rivojlanishiga katta hissa qo‘shdilar. Ularning merosi bugungi ta’lim tizimida ham ijtimoiy-ma’naviy ahamiyatini yo‘qotmagan bo‘lib, yoshlar ongida milliy mas’uliyatni shakllantirishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. yangilikka ochiqlik Xulosa Jadid munavvarlar faoliyati o‘z davri uchun nafaqat ma’rifiy yangilanish, balki chinakam vatanparvarlik maktabi bo‘lib xizmat qilganini ilmiy tahlillar ko‘rsatadi. Ularning ta’lim islohotlari, darsliklari, matbuot faoliyati va pedagogik qarashlari yosh avlodni yurt ravnaqi, milliy o‘zlik, mustaqil fikr va ijtimoiy mas’uliyat ruhida tarbiyalashga qaratilgan edi. Jadidchilik harakatida shakllangan milliy uyg‘onish g‘oyalari bugungi ta’lim jarayoni uchun ham muhim metodik asos bo‘lib, zamonaviy vatanparvarlik tarbiyasida qo‘llash imkoniyatlari nihoyatda kengdir. Tavsiyalar Jadid munavvarlar merosini bugungi ta’lim tizimida samarali qo‘llash uchun, avvalo, ularning ma’rifatparvarlik g‘oyalari asosida ishlab chiqilgan o‘quv-metodik materiallarni zamonaviy kompetensiyaviy yondashuv bilan uyg‘unlashtirish zarur. Yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda Fitrat, Ayni, Behbudiy va Avloniy asarlaridan foydalanish kengaytirilishi lozim. Ta’lim jarayonida milliy qadriyatlarga tayangan holda mustaqil fikrlashni rivojlantiruvchi interaktiv metodlar joriy etilishi tavsiya qilinadi. Shu bilan birga, pedagoglar va talabalar uchun jadidchilik merosiga bag‘ishlangan maxsus seminar va treninglar tashkil etilishi maqsadga muvofiqdir.

Adabiyotlar

01

1. Fitrat A. Tanlangan asarlar. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi Nashriyot, turli yillar. 2. Ayni S. Esdaliklar, maqolalar, adabiy tanqidiy qarashlar. – Dushanbe: Adib, 1980–1990. 3. Behbudiy M. Tanlangan asarlar. – Toshkent: Ma’naviyat, 1999. 4. Avloniy A. Turkiy guliston yoxud axloq. – Toshkent: Ma’rifat, 1992. 5. Qosimov B. Jadidchilik harakati tarixi. – Toshkent: Sharq, 2000. 6. Abdug‘afurov A. Jadid maktablari va ma’rifiy islohotlar. – Buxoro, 2015.

BOSHQA TILLARDA

Mualliflar

A.R.N
AZIZBEK RAXIMOV NORMURODOVICH

Buxoro davlat pedagogika instituti mustaqil tadqiqotchisi

Iqtibos olish

RAXIMOV, A. (2026). JADID MUNAVVARLAR FAOLIYATIDA VATANPARVARLIK TARBIYASINING PEDAGOGIK MOHIYATI. ACADEMIC SPECTRUM, 2-Son (2026-yil, Fevral), 99-103.