Maqola Mazmuni
Kirish. Mavzuning dolzarbligi va zarurati. Dunyoda taʼlim tizimining zamonaviy tendensiyalari qatorida xalqaro hamkorlik va oʻquv faoliyatini raqamli texnologiyalar negizida rivojlantirish, taʼlimiy investitsiyalarni kiritish, shu asnoda madaniy, siyosiy, iqtisodiy chegaralarni kengaytirish, malaka talablariga asoslangan taʼlim jarayonlarini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. YUNESKO va Xalqaro universitetlar assotsiatsiyasi tomonidan “talabalarining bilim, koʻnikma va kompetensiyalarni takomillashtirish, taʼlim texnologiyalarini qoʻllash, taʼlimni axborotlashtirish”.ga yoʻnaltirilgan texnologiyalarni qoʻllash vazifasi quyilgan. Bu esa, oliy taʼlim muassasalarida talabalarning oʻquv faoliyatini raqamli texnologiyalar asosida tashkil qilish zamonaviy taʼlimning ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylanmoqda. Ushbu jarayon nafaqat texnik vositalarni joriy etish, balki oʻquv jarayonini mazmunan qayta qurish, uning didaktik tizimlari, motivatsiya mexanizmlari va falsafiy asoslarini chuqur tahlil qilishni taqozo etmoqda.
Dunyo miqyosida amalga oshirilayotgan tadqiqotlar zamirida raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish, talabalarda mustaqil taʼlim olish, tanqidiy va kreativ fikrlash, axborotni saralash
hamda qayta ishlash kabi kompetensiyalarni shakllantirishga xizmat qilvchi ilmiy izlanishlarga katta eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, AQSh, Janubiy Koreya, Xitoy Xalq Respublikasi kabi rivojlangan davlatlarning oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida onlayn platformalar, interaktiv resurslar, virtual muloqot muhitlari, multimedia vositalari asosida chet tilini oʻqitish jarayonini faol, interaktiv tarzda tashkil etish imkoniyatini kengaytirish, ular orqali talabalarning oʻz fikrini ogʻzaki va yozma shaklda ravon, mantiqiy ifoda etishi, madaniyatlararo muloqot qilish koʻnikmalarini samarali rivojlantirishiga moʻljallangan tadqiqotlar tobora kengayib bormoqda. Biroq amaliyot shuni koʻrsatmoqdaki, raqamli muhitda oʻquv faoliyatini tashkil etishda integrativ mexanizmlarning yetarli darajada ishlab chiqilmagani, shuningdek, talabalarning oʻqishga boʻlgan ichki motivatsiyasini oshirish masalalari oʻz yechimini toʻliq topmagan. Shu jihatdan olganda, didaktik tizimlar, raqamli texnologiyalar va taʼlim falsafasi oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni yaxlit tizim sifatida oʻrganishga qaratilgan muammolarni hal etish dolzarb ahamiyatga ega.
Respublikamizda soʻnggi yillarda raqamli texnologiyalar orqali shaxs, uning borliq bilan falsafiy aloqalari va shaxsiy imtiyozlarini hisobga oluvchi ijtimoiy oʻzaro taʼsir jarayonida “maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish, taʼlim sifatini oshirish boʻyicha taʼlim tizimini zamon talablariga moslashtirish” ustuvor vazifa etib belgilangan. Talabalarning oʻquv faoliyatini raqamli taʼlim muhitida motivatsiyalashning falsafiy negizlarini ochib berish, inson– texnologiya–taʼlim munosabatlarini yangi metodologik yondashuvlar asosida talqin qilish zamonaviy pedagogika fani uchun muhim ahamiyat kasb etadi.Shuningdek, mazkur tadqiqot taʼlimning insonparvarlik, subʼekt-subʼekt munosabatlari, shaxsga yoʻnaltirilgan taʼlim, konstruktivizm va postneklassik taʼlim paradigmalari bilan uygʻun holda olib borilishi raqamli taʼlim jarayonlarini ilmiy jihatdan asoslashga xizmat qiladi. Bu esa raqamli jamiyat sharoitida raqobatbardosh, ijtimoiy faol va kasbiy jihatdan yetuk mutaxassislarni tayyorlashga zamin yaratadi. Shu bois, talabalarning oʻquv faoliyatini raqamli texnologiyalar asosida tashkil qilishning integrativ mexanizmlarini didaktik tizimlar asosida motivatsiyalashning falsafiy negizlarini tadqiq etish zamonaviy taʼlim nazariyasi va amaliyoti uchun oʻta dolzarb ilmiy muammo hisoblanadi.
Muammoning oʻrganilganlik darajasi. Oʻzbekistonda boʻlajak oʻqituvchilarning kasbiy pedagogik kompetentligini shakllantirish va takomillashtirish, uzluksiz taʼlimning turli bosqichlarida oʻqitish muammolari boʻyicha J.J.Jalolov, T.Q.Sattarov, G.T.Maxkamova, L.T.Ahmedova, D.U.Xoshimova, E.T.Erkaev, F.B.Azizova, S.A.Ziyaeva, M.Sh.Roʻzmetovalar tadqiqot ishlarini olib borishgan.
Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi mamlakatlarida Ye.S.Polat, S.V Titova, Arbuzov, P.I.Pidkasistiy, L.F.Kovalev, N.F.Koryakovseva, S.S.Kuklina; zamonaviy metodlar vositasida oʻqitish masalalari O.G.Polyanov, B.Ye.Starichenko, M.F.Stroninlar tomonidan tadqiq etilgan. Chesnokov, A.M.Voronin, V.P.Kvasha, V.I.Zibareva tadqiqotlarida taʼlim tizimida innovatsion jarayonlarni boshqarish, taʼlim jarayonini pedagogik texnologiyalar asosida loyihalash, interfaol uslublar orqali shaxsga yoʻnaltirilgan zamonaviy darslarni tashkil qilish, mashgʻulotlarda faol ishtirokini taʼminlash kabi masalalar tadqiq etilgan.
Xorij mamlakatlari olimlari: A.Wenden, B.G.Angelopoulos, N.J.Entwistle, D.L.Fried-Booth, R.Gairns, G.S.Ioannidis, N.Bijnens, M.Vanbuel, J.Nisbet boʻlajak oʻqituvchilarda kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish masalalari ustida ilmiy izlanish olib borishgan. Biroq, talabalarning
oʻquv faoliyatini raqamli texnologiyalar asosida tashkil qilishning integrativ mexanizmlarini didaktik tizimlar asosida motivlashtirishning falsafiy negizlari boʻyicha tadqiqot ishlarining kamyobligini koʻrsatmoqda.
Tadqiqotning ilmiy yangiligi: Talabalarning o‘quv faoliyatini raqamli texnologiyalar asosida tashkil etishning integrativ modeli ishlab chiqildi. Ushbu modelda an’anaviy pedagogik yondashuvlar raqamli ta’lim platformalari, interaktiv vositalar va masofaviy ta’lim elementlari bilan tizimli ravishda uyg‘unlashtirildi.
Integrativ mexanizmlarning tarkibiy tuzilmasi (pedagogik, texnologik, didaktik va motivatsion komponentlar) aniqlashtirilib, ularning o‘zaro funksional bog‘liqligi ilmiy jihatdan asoslandi.
Raqamli ta’lim muhitida talabalarning o‘quv motivatsiyasini oshirishga xizmat qiluvchi pedagogik shart-sharoitlar belgilab berildi hamda ularning ta’lim samaradorligiga ta’siri aniqlashtirildi.
Masofaviy va aralash ta’lim modellarining integrativ qo‘llanilishi asosida talabalarning mustaqil ta’lim faoliyatini rivojlantirish mexanizmlari taklif etildi.
Talabalarda raqamli kompetensiyalarni shakllantirish orqali o‘quv faoliyatining samaradorligini oshirishning ilmiy-uslubiy asoslari ishlab chiqildi.
Asosiy qism.Taʼlim oluvchilarning oʻquv faoliyati masalasining pedagogik-falsafiy ildizlari Mamlakatimizda oliy taʼlim tizimini rivojlantirish, uning tashkiliy-pedagogik shart-sharoitlarini yaxshilash borasida olib borilayotgan islohotlar boʻlajak mutaxassislarning qiziqishlari uchun keng imkoniyat yaratmoqda. Shu bilan birga oʻquv materialini mustahkamlash va ilgari oʻtilgan materiallarni toʻldirishga xizmat qiladigan, tahsil oluvchilarning oʻzlashtirilgan bilim va hosil boʻlgan koʻnikma, malakalarini hisobga olib borish” vazifalari qoʻyilmoqda.
Boʻlajak mutaxassislar uchun jahon sivilizatsiyasi yutuqlari va axborot resurslaridan keng foydalanish, alohida dolzarblik va ahamiyat kasb etmoqda. Taʼlim subʼektlarining bilim olish va bilim berish imkoniyatlarini diversifikatsiya etish jarayonida pedagogik bilimlarni egallash va amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yetakchi oliy taʼlim muassasalari tomonidan taʼlimni modernizatsiya qilishning asosiy shartlaridan biri sifatida talabalarning individual xususiyatlarini hisobga olgan holda oʻquv jarayoniga ilgʻor pedagogik texnologiyalar kiritilmoqda. Talabalarning oʻquv faoliyatini tabaqalashtirilgan raqamli vositalar va usullari orqali motivatsiyalash kuzatilmoqda.
XXI asr axborot-kommunikatsiya asrida maʼlumotlar hajmining keskin koʻpayishi tahsil oluvchilarda oʻquv materialini idrok qilish barobarida uzatilayotgan axborotning sifatiga ham alohida talablar qoʻymoqda. Shu jihatdan olganda, talabalarning oʻquv faoliyatini raqamli texnologiyalar asosida tashkil qilishning integrativ mexanizmlarini didaktik tizimlar asosida motivlashtirishning falsafiy negizlarini asoslash, amaliy tavsiyalar ishlab chiqish alohida eʼtibor talab qilinayotgan masalalar sirasiga kiradi.
Pedagogik-falsafiy manbalar tahlili shuni koʻrsatadiki, oʻquv faoliyatini samarali tashkil etishning asosiy sharti — oʻrganuvchining ichki motivatsiyasini shakllantirish hisoblanadi. Bu gʻoya oʻz ildizlarini antik davr falsafasiga borib taqaladi. Xususan, Suqrot taʼlim jarayonini dialogik munosabatlar asosida tashkil etishni taklif etar ekan, bilishga boʻlgan ehtiyoj insonning ichki ruhiy faolligidan kelib chiqishini taʼkidlaydi. Uning “mayovtika” usuli talabani tayyor bilimni qabul qiluvchi emas, balki haqiqatni mustaqil kashf etuvchi faol subʼekt sifatida shakllantirishga qaratilgan boʻlib, bu holat oʻquv motivatsiyasining falsafiy negizi sifatida qaraladi.
Sharq mutafakkirlarining pedagogik-falsafiy merosida ham oʻquv faoliyati va motivatsiya masalasi alohida oʻrin tutadi. Abu Nasr Forobiy taʼlimni insonni kamolga yetkazuvchi asosiy omil sifatida baholar ekan, bilishga boʻlgan intilishni aqliy va axloqiy fazilatlar bilan uygʻun holda koʻradi. Uning fikricha, haqiqiy taʼlim faqat bilim berish bilan cheklanmay, insonda bilishga muhabbat va maʼnaviy masʼuliyatni shakllantirishi lozim. Bu esa oʻquv motivatsiyasining chuqur falsafiy mazmunga ega ekanini koʻrsatadi.
Mazkur tarixiy-falsafiy qarashlar tahlili shuni anglatadiki, oʻquv faoliyatini motivatsiyalash gʻoyasi zamonaviy pedagogikaning ixtirosi emas, balki koʻp asrlik intellektual anʼanalarga tayanadi. Ushbu anʼanalarda taʼlim jarayoni insonning ichki ehtiyoji, maʼnaviy kamoloti va faol bilishga intilishi bilan uzviy bogʻliq holda talqin etilgan (1.1-jadvalga qarang).
Shu nuqtayi nazardan qaralganda, bugungi raqamli taʼlim muhitida talabalarning oʻquv faoliyatini tashkil etish va motivatsiyalash masalasi ham ushbu pedagogik-falsafiy ildizlar bilan metodologik uygʻunlikda tahlil qilinishi lozim. Raqamli texnologiyalar oʻquv jarayonida yangi vosita sifatida namoyon boʻlsa-da, ularning samaradorligi aynan tarixan shakllangan motivatsiya va faoliyat gʻoyalariga tayanilgan holdagina taʼminlanadi.
1.1-jadval. Antik va Sharq pedagogik taʼlimotlarida oʻquv faoliyatining ichki motivatsiyasi
gʻoyalarining raqamli taʼlimning falsafiy negizi sifatida shakllanishi Tarixiy davr /
Asosiy pedagogik gʻoya
Oʻquv faoliyati va motivatsiya talqini
Raqamli taʼlim uchun
mutafakkir
falsafiy ahamiyati Antik davr Suqrot Dialogik taʼlim,
Bilishga qiziqish va
Talabaning faol subyekt
mayovtika
ichki faollik orqali haqiqatni kashf etish
sifatida ishtirok etishi, interaktiv raqamli muhitning
falsafiy asosi Platon Gʻoya va maʼno
Bilim — maʼnaviy kamolotga yetaklovchi
Raqamli taʼlimda mazmun va
ustuvorligi
maʼnoni ustuvor qoʻyish,
ichki ehtiyoj
texnologiyaning vosita
sifatidagi roli Arastu Maqsadli faoliyat
Oʻquv faoliyati ongli, maqsadga yoʻnaltirilgan
Raqamli taʼlimda kompetensiyaviy va natijaga
va odat
harakatlar orqali
yoʻnaltirilgan oʻqitishning
falsafiy negizi Sharq mutafakkirlari Forobiy Aqliy va axloqiy
shakllanadi
Bilish motivatsiyasi aql
Raqamli taʼlimda insonparvarlik va maʼnaviy
kamolot
va axloq uygʻunligiga
yoʻnalganlikni taʼminlash Ibn Sino Bosqichmabosqich taʼlim va
asoslanadi
Qiziqish va ragʻbat orqali bilishga intilishni
Adaptiv va personallashtirilgan raqamli oʻqitish modellarining falsafiy
ragʻbat
kuchaytirish
asosi Beruniy Tajriba va
Tabiiy qiziqish va amaliy bilish orqali
Raqamli simulyatsiya, virtual
laboratoriya va tadqiqotga asoslangan taʼlimning ildizlari Ushbu jadval tahlili shuni koʻrsatadiki, oʻquv faoliyatining ichki motivatsiyasi gʻoyasi antik va Sharq pedagogik taʼlimotlaridayoq shakllangan boʻlib, zamonaviy raqamli taʼlim mazkur tarixiyfalsafiy gʻoyalarning yangi texnologik shakldagi davomidir.
kuzatuv
oʻrganish
Pedagogik taʼlimotlar tarixi tahlili shuni koʻrsatadiki, talabalar oʻquv faoliyatini tashkil etish va uni motivatsiyalash gʻoyalari taʼlim nazariyasining markaziy muammolaridan biri sifatida turli tarixiy
bosqichlarda izchil rivojlanib borgan. Bu jarayon jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, inson haqidagi falsafiy qarashlar va taʼlim vositalarining oʻzgarishi bilan uzviy bogʻliq boʻlgan.
Antik davr pedagogik-falsafiy qarashlarida oʻquv faoliyati insonning tabiiy bilish ehtiyoji bilan bogʻlab talqin qilingan. Suqrot taʼlimni muloqot va fikrlash faoliyati sifatida tashkil etib, talabada bilishga boʻlgan ichki ehtiyojni uygʻotishni asosiy maqsad deb bilgan. Bu yerda motivatsiya tashqi taʼsir vositasi emas, balki inson ongining ichki harakatlantiruvchi kuchi sifatida qaralgan. Platon taʼlimni ruhiy kamolotga olib boruvchi jarayon sifatida koʻrib, bilim olishni maʼnaviy maqsadlarga intiluvchi faoliyat sifatida talqin etgan. Arastu esa oʻquv faoliyatini maqsadga yoʻnaltirilgan, tizimli va ongli harakatlar majmui sifatida asoslab bergan.
Oʻrta asr Sharq pedagogik taʼlimotlarida oʻquv faoliyatini tashkil etishda aqliy tarbiya, axloqiy kamolot va bilishga boʻlgan qiziqishning uygʻunligi ustuvor boʻlgan. Forobiy taʼlimni insonni komillikka yetkazuvchi faoliyat sifatida baholab, oʻquv faoliyatining samaradorligini ichki maʼnaviy ragʻbat bilan bogʻlagan. Ibn Sino taʼlim jarayonini bosqichma-bosqich tashkil etish, oʻquvchining individual xususiyatlarini hisobga olish va ragʻbatlantirish orqali bilishga qiziqishni oshirish gʻoyasini ilgari surgan. Beruniy esa kuzatuv va tajribani oʻquv faoliyatining asosiy usuli sifatida koʻrib, bilishni faol amaliy jarayon sifatida asoslagan.
Zamonaviy raqamli taʼlim muhitida oʻquv jarayonining samaradorligi texnik imkoniyatlar yoki axborot resurslarining koʻpligi bilan emas, balki talabaning bilish jarayoniga ongli va ixtiyoriy ravishda jalb etilganligi bilan belgilanadi. Shu nuqtayi nazardan, oʻquv faoliyatining ichki motivatsiyasi raqamli taʼlim tizimining faqat psixologik emas, balki falsafiy negizi sifatida namoyon boʻladi. Chunki raqamli taʼlim inson, bilim va texnologiya oʻrtasidagi munosabatlarni qayta talqin qilishni talab etadi.
Falsafiy jihatdan ichki motivatsiya insonning bilishga boʻlgan tabiiy ehtiyojidan, maʼno izlashga qaratilgan ongli faolligidan kelib chiqadi. Bu holat ekzistensial falsafa va gumanistik pedagogikada insonni oʻzini anglashga intiluvchi subʼekt sifatida koʻrish gʻoyasi bilan uygʻun. Raqamli taʼlim muhitida esa talaba tayyor bilimni passiv qabul qiluvchi emas, balki axborot makonida mustaqil harakat qiluvchi, tanlov qiluvchi va maʼno yaratuvchi subʼekt sifatida ishtirok etadi. Demak, raqamli taʼlimning markazida texnologiya emas, insonning ichki bilish motivatsiyasi turadi.
Anʼanaviy taʼlim modellarida koʻp hollarda tashqi motivatsiya — baholash, nazorat, majburiyat ustuvor boʻlgan boʻlsa, raqamli taʼlim paradigmasi oʻquv faoliyatining ichki motivatsiyasini ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilgan. Chunki raqamli muhitda talabaning faolligi majburiy nazorat orqali emas, balki qiziqish, shaxsiy maʼno va mustaqillik orqali taʼminlanadi. Bu holat konstruktivizm va postneklassik taʼlim falsafasiga mos kelib, bilimni tayyor holda uzatish emas, balki uni oʻrganuvchi tomonidan faol ravishda qurish gʻoyasini ilgari suradi.
Ichki motivatsiya raqamli taʼlimda didaktik tizimlarni integratsiyalashning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Chunki raqamli platforma, multimedia, virtual muhit yoki sunʼiy intellekt vositalari faqat shunda samarali ishlaydiki, agar talaba ulardan foydalanishga ichki ehtiyoj sezsa. Aks holda, raqamli texnologiyalar oʻquv jarayonida formal vositaga aylanib qoladi. Shu maʼnoda, ichki motivatsiya texnologiyani taʼlimiy qadriyatga aylantiruvchi falsafiy omildir.
Vigotskiyning madaniy-tarixiy nazariyasi nuqtayi nazaridan qaralganda, raqamli texnologiyalar oʻquv faoliyatida yangi mediator (vositachi) sifatida ishtirok etadi. Biroq ushbu vositachilik faqat talaba ongida maʼno paydo boʻlgandagina amalga oshadi. Maʼno esa tashqi taʼsir orqali emas, balki ichki motivatsiya orqali shakllanadi. Demak, raqamli taʼlimda oʻquv faoliyatining harakatlantiruvchi kuchi texnologiya emas, balki inson ongidir.
Shu bilan birga, faoliyat nazariyasi (A.N.Leontev) nuqtayi nazaridan raqamli taʼlim muhitida harakatlarning barqarorligi motivga bogʻliq. Agar motiv tashqi boʻlsa, oʻquv faoliyati vaqtinchalik va yuzaki xarakter kasb etadi; agar motiv ichki boʻlsa, taʼlim jarayoni shaxs rivojlanishining barqaror mexanizmiga aylanadi. Bu esa raqamli taʼlimni faqat axborot uzatish tizimi emas, balki shaxs rivojlanishining falsafiy makoni sifatida talqin qilish imkonini beradi.
Oʻquv faoliyatining ichki motivatsiyasi raqamli taʼlimning falsafiy negizi sifatida quyidagi jihatlarda namoyon boʻladi: birinchidan, u taʼlim jarayonida insonni markaziy qadriyat sifatida
belgilaydi; ikkinchidan, bilimni maʼno yaratish jarayoni sifatida talqin qiladi; uchinchidan, raqamli texnologiyalarni inson rivojlanishiga xizmat qiluvchi vositaga aylantiradi. Shu sababli, raqamli taʼlimni ilmiy-falsafiy jihatdan asoslashda oʻquv faoliyatining ichki motivatsiyasini tahlil qilish ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Zamonaviy ilmiy adabiyotlarda raqamli taʼlim koʻpincha taʼlim tizimidagi tub yangilik sifatida talqin qilinadi. Biroq pedagogik taʼlimotlar tarixi nuqtayi nazaridan qaralganda, raqamli taʼlim mustaqil va uzil-kesil yangi fenomen emas, balki asrlar davomida shakllangan pedagogik gʻoyalar, didaktik prinsiplar va taʼlim falsafasining mantiqiy davomi sifatida namoyon boʻladi. Bu holat raqamli taʼlimni ilmiy jihatdan toʻgʻri baholash va uning metodologik asoslarini chuqur anglash imkonini beradi.
Tarixiy jihatdan olib qaralganda, har bir pedagogik yangilanish jamiyatdagi ijtimoiy, madaniy va texnologik oʻzgarishlar bilan bogʻliq holda yuzaga kelgan. Masalan, Ya.A.Komenskiy tomonidan ishlab chiqilgan didaktik tizim bosma kitob va maktab taʼlimining ommalashuvi sharoitida shakllangan boʻlib, unda koʻrgazmalilik, tizimlilik va bosqichma-bosqichlik tamoyillari asosiy oʻrin tutgan. Bugungi raqamli taʼlimda qoʻllanilayotgan multimediali materiallar, vizual simulyasiyalar va interaktiv platformalar aynan shu klassik didaktik gʻoyalarning zamonaviy texnologik shakli sifatida talqin qilinishi mumkin.
J.J.Russoning tabiiy taʼlim gʻoyasi va oʻquvchining faolligini ustuvor qoʻyish tamoyili ham raqamli taʼlim konsepsiyasi bilan chuqur uygʻunlikka ega. Russo taʼlim jarayonini bolaning ichki rivojlanish qonunlariga mos holda tashkil etishni talab etgan boʻlsa, raqamli taʼlim muhitida ham talabaning individual traektoriyasi, mustaqil tanlovi va shaxsiy surʼati markaziy oʻrin tutadi. Bu yerda texnologiya yangi maqsad emas, balki tabiiy rivojlanishni qoʻllab-quvvatlovchi vosita vazifasini bajaradi.
XIX–XX asr pedagogik taʼlimotlarida shakllangan faoliyatga asoslangan taʼlim gʻoyalari raqamli taʼlim uchun muhim nazariy zamin yaratgan. I.Pestalotssi , K.Ushinskiy , J.Dyui kabi mutafakkirlar taʼlimni faqat bilim berish jarayoni emas, balki oʻquvchining faol amaliy va intellektual faoliyati sifatida talqin qilganlar. Ayniqsa, Dyuining “learning by doing” konsepsiyasi raqamli taʼlim muhitida virtual laboratoriyalar, trenajyorlar, simulyasiya va loyihaga asoslangan oʻqitish orqali oʻzining mantiqiy davomini topmoqda.
Noklassik va postneklassik pedagogik nazariyalarda (L.S.Vigotskiy, A.N.Leontev, J.Piaje) taʼlim ijtimoiy-madaniy jarayon, bilim esa faoliyat va muloqot mahsuli sifatida qaraladi. Ushbu nazariyalarda vositachilik (mediator) tushunchasi alohida ahamiyat kasb etadi. Raqamli texnologiyalar esa aynan shu vositachilik funksiyasini zamonaviy shaklda bajarib, tarixiy pedagogik gʻoyalarning yangi texnologik bosqichga koʻtarilganini koʻrsatadi.
Shuningdek, pedagogik taʼlimotlar tarixida doimo taʼlimni individuallashtirish, differensiatsiyalash va integratsiyalash gʻoyalari mavjud boʻlgan. Raqamli taʼlim esa ushbu gʻoyalarni amaliy jihatdan roʻyobga chiqarish uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Bu holat raqamli taʼlimni pedagogik tafakkurning uzviy rivoji sifatida baholashga asos boʻladi.
Yangi davr pedagogik taʼlimotlarida oʻquv faoliyatini tashkil etish masalasi tizimli didaktik asosga ega boʻla boshladi. Ya.A.Komenskiy taʼlimni umumiy qonunlarga boʻysunuvchi yaxlit tizim sifatida koʻrib, koʻrgazmalilik, izchillik va onglilik tamoyillarini ilgari surdi. Bu gʻoyalar oʻquv faoliyatini tashkil etishda tashqi shart-sharoitlarni toʻgʻri yaratish orqali ichki motivatsiyani shakllantirish mumkinligini koʻrsatdi. J.J.Russo esa oʻquv faoliyatini tabiiy rivojlanishga mos holda tashkil etish, oʻquvchining faolligini taʼminlash orqali uning bilishga boʻlgan qiziqishini saqlab qolish zarurligini taʼkidladi.
Zamonaviy pedagogik taʼlimotlarda esa oʻquv faoliyatini tashkil etish va motivatsiyalash shaxsga yoʻnaltirilgan, kompetensiyaviy va integrativ yondashuvlar asosida qaralmoqda. Raqamli taʼlim muhitida bu gʻoyalar yangi texnologik shakl kasb etgan boʻlib, talabaning mustaqilligi, ichki motivatsiyasi va bilish faolligi ustuvor ahamiyat kasb etadi. Bu holat pedagogik taʼlimotlar evolyusiyasida oʻquv faoliyatini tashkil etish gʻoyalari doimiy ravishda insonning faol subʼekt sifatidagi rolini kuchaytirish yoʻnalishida rivojlanganini koʻrsatadi.
Talabalar oʻquv faoliyatini tashkil etish va motivatsiyalash gʻoyalari pedagogik taʼlimotlar tarixida tashqi nazorat va majburiyatga asoslangan modellardan ichki ehtiyoj, maʼno va faoliyatga tayanadigan gumanistik modellarga tomon evolyusiya qilgan. Raqamli taʼlim tizimlarining shakllanishi koʻp hollarda yangi texnologik inqilob mahsuli sifatida baholansa-da, pedagogik taʼlimotlar tarixi nuqtayi nazaridan qaralganda, ular klassik va noklassik pedagogik nazariyalarda ilgari surilgan gʻoyalarning zamonaviy shakldagi ifodasidir. Shu maʼnoda, raqamli didaktik tizimlar taʼlim nazariyasidagi uzilish emas, balki pedagogik tafakkur evolyusiyasining mantiqiy va falsafiy uygʻun davomidir.
Anʼanaviy pedagogik nazariyalarda taʼlim yaxlit, maqsadga yoʻnaltirilgan va tizimli jarayon sifatida qaralgan. Ya.A.Komenskiy tomonidan asoslab berilgan didaktik tizimda taʼlim mazmuni, usullari va vositalari oʻzaro bogʻliq holda tashkil etilishi lozimligi taʼkidlangan. Uning koʻrgazmalilik, onglilik va izchillik tamoyillari bugungi raqamli taʼlimda multimediali kontent, interaktiv vizual modellar va modulli oʻqitish orqali amalga oshmoqda. Bu holat raqamli didaktik tizimlarning klassik didaktik gʻoyalar bilan falsafiy uygʻunligini koʻrsatadi.
Shuningdek, pedagogikada oʻqituvchi bilim manbai va taʼlim jarayonini tashkil etuvchi markaziy subʼekt sifatida qaralgan boʻlsa, raqamli taʼlimda mazkur rol transformatsiyaga uchraydi. Biroq bu transformatsiya klassik nazariyalarni inkor etmaydi, balki ularni yangi shart-sharoitlarda qayta talqin qiladi. Masalan, Komenskiyning “tabiyatga muvofiqlik” tamoyili raqamli taʼlimda talabaning individual surʼati, oʻquv traektoriyasi va kognitiv xususiyatlarini hisobga olish orqali oʻzining zamonaviy koʻrinishini topadi.